1

Samarqand shahrida YUNESKOning talablariga zid ravishda qurilish ishlari olib borilgan

Siyosat 14.07.2018, 10:24
Samarqand shahrida YUNESKOning talablariga zid ravishda qurilish ishlari olib borilgan

Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining navbatdan tashqari ellik uchinchi sessiyasi bo`lib o`tdi. Sessiyani deputat Bahodir Sharofov boshqardi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unda O`zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri A.Aripov va O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi I.Abdullaev ishtirok etdi.
Sessiyada Bosh vazir viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida qator muammolar, yo`l qo`yilgan kamchiliklarga to`xtaldi. Xususan, viloyatda eksport masalasida ahvol yomon ekanligi, ayniqsa, qurilish ishlarida o`zibo`larchilikka tashlab qo`yilganligi, poraxo`rlik va byurokratizm avj olganligi keskin tanqid qilindi.

Ta`kidlanishicha, Prezidentimizning 17-18 mart kunlari viloyatga tashrifi davomida bergan topshiriqlarini bajarishda sustkashlikka yo`l qo`yilgan. Natijada viloyat iqtisodiyotida, shu bilan birga, aholining ijtimoiy hayotida yuzaga kelayotgan muammoli vaziyatlar o`zgarishsiz qolib ketaverdi.

Xususan, 6 oy yakunlariga ko`ra, 4 ta yirik sanoat korxonasida ishlab chiqarish hajmi pasayib ketganligi oqibatida 288 milliard so`mlik mahsulot hajmi yo`qotilgan. Tabiiyki, bu holat ushbu korxonalarda ishchi o`rni qisqarishiga olib keladi. Shuningdek, viloyatda sanoat korxonalarini qo`llab-quvvatlash ishlari e`tibordan chetda qolmoqda.

Joriy yilning 1 iyuliga qadar ishga tushirilishi lozim bo`lgan 16 ta yirik sanoat loyihalari amalga oshirilmagan. Viloyat tabiiy mineral xomashyo resurslariga boy bo`lib, ulardan samarali faydalanish to`g`ri yo`lga qo`yilmagan.

Eng achinarlisi, viloyatda faoliyat ko`rsatmayotgan sanoat korxonalari o`tgan yilga nisbatan 65 taga ko`payib, bugungi kunda 238 taga etgan. Viloyatda 6 oylikda eksport prognozi atigi 62 foizga ta`minlangan.

Kichik biznesni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, qulay investisiya muhitini yaratish masalalariga umuman e`tibor qaratilmagan. Buning oqibatida bugungi kunda viloyatda ro`yxatdan o`tgan 18 ming 856 ta kichik biznes sub`ektlarining 3 ming 458 tasi yoki 18 foizi faoliyat ko`rsatmayapti. Bundan tashqari, ro`yxatdan o`tkazilgan 805 ta tadbirkorlik sub`ektlari bankdan umuman hisob raqam ochmagan.
Investisiya dasturi doirasida 2018 yilning birinchi yarim yilligida umumiy qiymati 356 milliard so`mlik 446 ta loyihani amalga oshirish orqali 2 774 ta yangi ish o`rinlari tashkil etish belgilangan. Biroq 1 iyul holatiga amalga oshishi lozim bo`lgan 58 milliard so`mlik 44 ta loyiha ishga tushirilmaganligi oqibatida 324 ta yangi ish o`rinlari yaratilmasdan qolgan.

Joriy yilda g`allachilik bo`yicha 153 ta fermer xo`jaligi 2 250 tonnalik shartnoma majburiyatini bajarmagan. Shuningdek, 2018 yil hosili uchun viloyat bo`yicha 2 490 tonna pilla tayyorlash belgilangan bo`lib, amalda 390 tonna pilla topshirilmadi.

Yoshlar bilan ishlash to`g`ri yo`lga qo`yilmaganligi oqibatida 2018 yilning o`tgan davrida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo`lgan yoshlar tomonidan jami 590 ta turli ko`rinishdagi jinoyatlar sodir etilgan.

“Obod qishloq” dasturiga asosan bu yil viloyatdagi 94 ming aholi yashayotgan 29 ta, kelgusi yil yana 119 ming aholi yashayotgan 42 ta qishloq obod qishloqqa aylantirilib, bu erda yashayotgan halqimiz uchun zarur bo`lgan sharoitlar yaratiladi. Biroq viloyatda “Obod qishloq” dasturi ijrosini ta`minlash ishlari sust bormoqda.

Sesssiyada Bosh vazir viloyatdagi yana bir qator kamchiliklarni jiddiy tanqid qilib, bunga viloyat hokimining faoliyatidagi jiddiy nuqsonlar sabab ekanligini qayd etib o`tdi. Shuningdek, ishlab chiqarish, aholi uy-joylari, ijtimoiy soha ob`ektlari qurish uchun qilgan murojaatlarini viloyatdagi soha rahbarlari faqat manfaat evaziga hal qilib berganiga alohida to`xtaldi.

Samarqand shahrining tarixiy qismida YUNESKOning talablariga zid ravishda qurilish ishlari olib borilgan va bunga bila turib ruxsat berilgan. Ayrim hollarda tarixiy-madaniy ob`ektlar buzilishiga sabab bo`lgan. Xorijlik sayyohlar Samarqandga yangi binolarni emas, asosan tarixiy-madaniy inshootlarni tomosha qilish maqsadida tashrif buyurishini viloyat hokimi, sohaga mas`ul bo`lgan shaxslar inobatga olmagan.
Shundan keyin sessiyada tashkiliy masalalar ko`rildi. Turobjon Jo`raev Samarqand viloyati hokimi vazifasidan ozod etildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning tavsiyasiga ko`ra, shu vaqtgacha Surxondaryo viloyati hokimi bo`lib ishlab kelgan Erkinjon Turdimov nomzodi Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tasdiqlandi.

Eslatib o`tamiz, avvalroq Samarqand viloyatining sobiq hokimi Turobjon Jo`raev unga bildirilgan ishonchni oqlamasdan, jinoiy xatti-harakatlarga yo`l qo`ygani, o`z mansabidan foydalanib, vertikal korrupsion tizimni tashkil qilgani uchun egallab turgan lavozimidan ozod qilinganligi haqida xabar bergan edik.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1