O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 17 iyul kuni umumiy o`rta ta`lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda davlat rahbarining rasmiy saytida xabar berildi.
Keyingi yillarda ta`lim sohasining barcha bosqichlarini zamonaviy talablar asosida tashkil etish bo`yicha farmon va qarorlar qabul qilindi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 sentyabrdagi qaroriga muvofiq Xalq ta`limi vazirligining boshqaruv tizimi takomillashtirildi, asosiy vazifa va faoliyat yo`nalishlari belgilab berildi. Yaqinda vazirlik rahbariyatida o`zgarishlar amalga oshirilib, o`quv-tarbiya jarayoniga ilg`or pedagogik va axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish, o`qituvchilarning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish orqali ta`lim sifatini oshirish bo`yicha ko`plab vazifalar qo`yildi.
Yig`ilishda ushbu ko`rsatmalar asosida ishlab chiqilgan xalq ta`limi tizimini isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti o`tkazildi.
Prezident pedagoglarning oylik maoshini, jamiyatdagi mavqeini oshirish, ularni ijtimoiy va huquqiy jihatdan qo`llab-quvvatlash bo`yicha topshiriqlar berdi.
Turli nazorat organlari tomonidan o`qituvchilar faoliyatini tekshirishlarni cheklash, pedagoglarni obodonlashtirish, majlislarda qatnashish, obuna va shu kabi kasb faoliyatiga tegishli bo`lmagan ishlarga jalb qilmaslik kerakligi ta`kidlandi. O`qituvchilarning haq-huquqlarini himoyalash uchun maxsus huquqiy xizmat tashkil etish vazifasi qo`yildi.
“Umumiy o`rta ta`lim sifatini yangi bosqichga ko`tarish kerak. Har bir sinfda bolalarning nimalarni bilishi zarurligidan kelib chiqib, davlat ta`lim standartlari va o`quv rejalarini qayta ko`rib chiqish lozim. Darsliklarni eng zamonaviy metodikalar asosida yaratish va chop etish, maktablarda texnologiya, muxandislik fanlari, matematika, san`at, chet tillari yo`nalishlarini kuchaytirish, bu boradagi laboratoriyalarni qayta jihozlash talab etiladi. Maktabgacha ta`lim va oliy ta`lim tizimlari bilan uzviylikni ta`minlashga ham e`tibor berish kerak”, dedi Shavkat Mirziyoev.
Umumta`lim maktablari direktorlari va o`rinbosarlariga bo`lgan talabni qayta ko`rib chiqish, bu lavozimga haqiqiy boshqaruvchilik – menedjerlik qobiliyatiga ega shaxslarni tayinlash, ma`naviy-ma`rifiy va o`quv ishlari bo`yicha direktor o`rinbosarlari mas`uliyatini keskin oshirish kerakligi qayd etildi.
Xalq ta`limi tizimini moliyalashtirish masalalariga ham alohida e`tibor qaratildi. 2019 yil uchun davlat byudjetini shakllantirishda mazkur sohaga moliyalashtirishni oshirish, shuningdek, yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish uchun Xalq ta`limi vazirligi qoshida alohida jamg`arma tashkil etish maqsadga muvofiqligi ta`kidlandi.
Maktablarni qurish, rekonstruksiya qilish va ta`mirlash ishlarini sifatli bajarish uchun xalq ta`limi tizimida maxsus injiniring kompaniyasi tashkil etish bo`yicha ko`rsatma berildi.
Shuningdek, ta`lim tizimida axborot-kommunikasiya texnologiyalarini keng joriy qilish, maktablarning byudjetdan tashqari topayotgan daromadlarini ularning ixtiyorida qoldirish, maktablarda ichki jamoaviy nazorat tizimini yo`lga qo`yish, namunaviy maktablarni ko`paytirish maqsadida maktablar reytingini ishlab chiqish kabi masalalarga e`tibor qaratildi.
Yig`ilishda muhokama qilingan yo`nalishlar bo`yicha mutasaddi rahbarlarning hisobotlari eshitildi va tegishli topshiriqlar berildi.