Bugun O`zbekiston Respublikasining 2003 yil 11 dekabrda qabul qilingan “Axborotlashtirish to`g`risida”gi 560—II-sonli Qonuniga bir qator o`zgartirishlar kiritildi. Ushbu o`zgartirishlar blogerlarning faoliyatini tartibga solish maqsadida kiritildi. Bu haqda “Xalq so`zi” gazetasining rasmiy sayti xabar beradi. Unga ko`ra:
Bloger — Internet jahon axborot tarmog`idagi o`z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo`lgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs;
Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo`lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog`idagi o`z veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan:
O`zbekiston Respublikasining mavjud konstitusiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo`rlik bilan o`zgartirishga da`vat etish;
urush, zo`ravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va
fundamentalizm g`oyalarini targ`ib qilish;
davlat siri bo`lgan ma`lumotlarni yoki qonun bilan qo`riqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;
milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo`zg`atuvchi, shuningdek fuqarolarning sha`ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro`siga putur etkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo`l qo`yuvchi axborotni tarqatish;
giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ`ib qilish;
pornografiyani targ`ib qilish;
qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo`ladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo`l qo`ymasligi shart.
Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo`lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog`idagi o`z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo`lgan axborotni joylashtirishdan avval uning to`g`riligini tekshirishi, shuningdek joylashtirilgan axborotning noto`g`riligi aniqlangan taqdirda uni darhol o`chirib tashlashi shart.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan majburiyatlar veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger tomonidan bajarilmagan taqdirda mazkur veb-saytdan va (yoki) veb-sayt sahifasidan foydalanish O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda maxsus vakolatli organ tomonidan cheklanishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan talablarni buzganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo`ladi.





