AsosiyJamiyat

“So`zda sehr bor…”

'“So`zda sehr bor…” 'ning rasmi

Olim TOShBOEV

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist, filologiya fanlari nomzodi


Bolaligimizda birorta bo`yinsamiz aytgan gapga ishonqiramasak uni darrov qasamga tayar edik: “Volloh de qani!”

Rost gapiga ishontirolmay qiynalib ketgan jo`ramiz ham hech ikkilanib o`tirmasdan “Volloh, agar…” der edi. Yoki bo`lmasa “Chor kitob ursin!..” deya entikib gap boshlardi. Tabiiyki, o`n-o`n ikki yosh bolalar Chor kitob (Qur`on, Injil, Tavrot, Zabur) neligini bilmas, lekin mana shu taxlit qasam ichilganidan keyin aksariyat hollarda aytilgan gapga chippa-chin ishonilardi.

Bu – odamning yangilikka bo`lgan ilk ehtiyojini anglatishdan tashqari, xabarning to`g`ri yoki noto`g`riligini tekshirishning ibtidoiy, ammo ishonchli bir usuli edi.

Bugun hayotning, tiriklikning belgilaridan biri bo`lgan informasiya oqimi eng ulug` nahrlardan-da ulug`dir. Tasavvur qiling, shisha-optik quvur orqali ummon ortidan nur tezligida tarqalayotgan xabar nafaqat odamlarning hayot tarziga, balki dunyoning borligiga dalolat bo`lib qoldi. Endi siz kimni “Volloh de…” deya qasamga tiraysiz. Yo`q, u xabarni bir mol-tovar kabi sotdi-yu ketdi. Siz – xaridor bo`lib molning aybini bilib-bilmay sotib olasiz. Lekin bir haqiqat o`zgargan emas. Jurnalist suhbatdoshi huzuriga diktofon bilan boradimi, telefon yoki telekamera ko`tarib oladimi, balki hikoya qahramoni aytgan fikrlarni qo`yin daftariga yozib olar, nima bo`lganda ham, u so`z bilan ishlaydi. Muxbirning quroli – so`z. Hamma gap mana shunda. Xuddi mana shu jihat dunyodagi barcha qalamkashu muxbirlarni birlashtirib turibdi. U birgina so`z orqali dunyoni anglashga, hayotni bilishga hissa qo`shadi. Payg`ambarimizning (s.a.v.) “So`zda sehr bor, she`rda hikmat” hadisidan oshirib SO`Zni tavsiflash mumkinmi? Ha, rahmat! Birgina so`z bilan boshi egik odamni tip-tik qilish yoki bitta kalom bilan bir odamning hayotiga nuqta qo`yish mumkin!

Yillar oy, oylar hafta kabi o`tayotgan bizning kunlarda jamiyatimizning har bir a`zosi bilib-bilmay muxbirga aylanib qoldi. Hozir hamma jurnalist! Qo`lidagi smartfon orqali “o`rgimchak to`ri”ga ilingan kas borki, xabar tarqatadi. O`zingiz o`ylang, shunday murakkab bir sharoitda u yoki bu tahririyatda ishlaydigan diplomli jurnalistga qanchalar qiyin. Uning butun faoliyati, sa`y-harakati odamlar nazaridako`zguda aks etgan misol ko`rinib turadi. Xalqimiz ham anoyi emas. Millatdoshi tarqatayotgan xabarni darhol boshqa bir xorijiy manbaga solishtiradi, to`g`ri-noto`g`ri joylarini tahlil qiladi. Yoqsa – huzur, yoqmasa – nishon. Tanqid o`qlari g`izillab uchadi…

Bundan o`n-o`n besh yil avval odamlar ertalabki choydan so`ng kunni gazeta varaqlash bilan boshlagan bo`lsa, bugunga kelib ko`pchilik uyqu aralash ko`zini yirib ochib, nosning xumori tutganday, shosha-pisha Internet kavlaydi. Hatto shu darajaga keldikki, yor-yor bilan chimildiqqa kirgan kelin-kuyov ham ikkovi ikki tomonga qaragancha,qo`lidagi telefon bilan ovora! “Ey, lodon! Ota-bobong chimildiqda telefon o`ynaganmi”, deydigan mard yo`q. Zamonaviy yoshlarni bu ermakdan ajratib ko`ring-chi. Ona ko`krakdan ajratgan bolani u - bu qilib ovutishi mumkindir, ammo dunyoni barmog`i bilan kezib yurgan yigit-qizni ovutolmaysiz.

Axborot makoni ko`z o`ngimizda shitob bilan o`zgarib bormoqda, unga qo`shilib o`zimiz ham. Lekin rost so`zga bo`lgan ehtiyoj o`zgarib qolgani yo`q. Rost so`z hamisha o`z mavqeida sobit turibdi. Bir-ikki soatda misi chiqadigan o`triklar, yolg`on–yashiq gaplar, bo`hton-uydirmalar ham yashashning bir usuliga aylanib qoldi, afsus…

MUSTAQIL FIKR MINBARI

U nima bo`lishi mumkin, degan savol barchani qiziqtiradi. Bu savolga javob berishdan oldin “Mustaqil fikr o`zi nima?!” degan masalani o`rganib chiqaylik. Abdurauf Fitrat “Najot yo`li” asarining “Fikr tarbiyasi” bobida “Fikr tarbiyasi odamning aqlini kamolga etkazish va baxt-saodatga etishishi uchun qobiliyatli qilib tarbiyalashdir. Odam aqli to`g`ri va yaxshi muhokama eta olsagina kamolga etgan hisoblanadi» deb yozadi. Fitrat zamonidan so`ng bu o`gitga qanchalik amal qildik bilmayman, ammo jadid yurtdoshimiz pand-nasihatini uzoq-uzoqlardagi musulmonlar quloqqa zirakdek taqib olishgani haqiqat.

Zahmatkash olim Boybo`ta Do`stqoraev “O`zbekiston jurnalistikasi tarixi” darsligida milliy matbuotimiz tarixi 1870 yildan boshlanishini aytib o`tadi. Salkam bir yarim asr muqaddam paydo bo`lgan jurnalistikamiz qanday tuzumlaru davrlarni, siyosat va mafkuralarni boshdan o`tkazmadi deysiz. Gap bunda emas. Turkistonda ilk gazetalar paydo bo`lganda bugungi ayrim mamlakatlarda bu hali bir tush kabi edi. Ammo davrlar almashinib, ular bizga bugun matbuot va so`z erkinligi, axborot olish kafolati, jurnalistning kasb etikasi-yu mahorati haqida falsafa so`qadigan bo`lib qoldi. Nahotki biz mana shunday darajaga tushgan bo`lsak? Nahotki biz shu qadar g`arib, malakasiz, no`noq bir matbuotga merosxo`r bo`ldik?!

Chor istilochilari o`lkada o`z siyosatini targ`ib etish maqsadida matbuotni yo`lga qo`ygan bo`lsa, sovet davrida sho`ro mafkurasi jurnalistikaning qiblasi edi. Istiqlol dunyoga darcha ochib, jahon jurnalistikasi tamoyillarini o`zlashtirishga imkoniyat yaratdi. Ammo biribir biz axborot makonida peshqadam emasmiz. Asosan iste`molchi maqomidamizki, bu ko`p hollarda pand berib qo`ymoqda. Aslida, bu maqomning maqtanarli joyi kamu, ammo nailoj?!

Haqrost, “Bo`rini oyog`i boqadi” degan maqolni shior qilib oyog`i olti, qo`li sakkiz bo`lib chor atrofga zir yugurgan bilan odam jurnalist bo`lib qolmaydi. Hamma gap salohiyatda, xudo yuqtirgan iste`dodda! Biz mana shu jihatni unutib qo`ymoqdamiz. Prezidentimiz qarori bilan tashkil etilgan yangi universitet barcha talab va ehtiyojlarimizni qondiradigan, ko`ngillarga surur bag`ishlaydigan avlodni tarbiyalashidan umidvormiz.

Tahririyatni moddiy-texnik jihatdan badastir qilish mumkin, teleradioni eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlash ham aytaylik katta muammo emas. Eng katta muammo – odam! Iymonli, xalqparvar, intellektual mutaxassis noyob hodisaga aylanib borayapti. Jurnalistning jamiyatdagi mavqeiga soya tashlaydigan, unga turli shubha-gumonlar bilan qarashga majbur qiladigan omil ham xuddi mana shu masalaga bog`liq. Nafsilamrini aytganda, kuchli jurnalistika kuchli davlatning mahsuli. Biz kuch deganda harbiy salohiyatni nazarda tutayotganimiz yo`q. Qaerdaki so`zning qadri baland bo`lsa, matbuotning ham mavqei baland bo`ladi.

Ochiq jamiyat tamoyillari sari yuz burib, huda-behuda yopilgan darpardalarni sekin ko`tarib, Osiyo, Evropa, Amerika jurnalistikasi tajribalarini o`rganishga boshladik. Lekin savollar ko`p.

Mustabid tuzum davrida matbuot hukmron partiyaning dastyori edi. Senzura bor edi. Mustaqillikka erishib senzuradan qutuldik, ammo… Jurnalist shaxs sifatida mavqeini boy berdi. Bugun Yurtboshimiz jamiyatning eng katta illati – korrupsiyaga qarshi samarali kurash tizimini yaratish vazifasini qo`ygan. Biz bu tahdidga matbuot orqali zarba beradigan bo`lsak, juda ko`p mas`ul idoralar yuki kamayib, islohot samarasi yuqori bo`lishiga shubha yo`q. Bundan tashqari, byurokrat rahbarlarning “xo`p-xo`p”i va turli ko`zbo`yamachiliklar o`z-o`zidan kamayib ketadi. To`g`ri, bu illatlarga qarshi kurashda Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar alohida faollik ko`rsatmoqda. Lekin gazeta, televidenie, radio bu vazifani zimmasiga olishi lozim. Hayot talabi va ehtiyojini qondira olmagan matbuot nashrlari man shu tarzda nazardan qoladi, bu esa jurnalistikaning inqirozidan darak.

Qudratli tizimga aylangan matbuot siyosatning oynasi bo`lish bilan bir qatorda, davlatning eng yaqin ko`makchisi hamdir. Unga bildirilgan ishonch, ta`bir joiz bo`lsa, otaning farzandga suyanishiday gap. Xolis, haqqoniy tizim jamiyat hayotiga g`ov bo`layotgan barcha to`siqlarni nafaqat olib tashlaydi, balki jamiyat a`zolarining bir maslak va g`oya atrofida uyushishini ham ta`minlaydi. Lekin o`tgan yillar davomida ayrim xususiy gazeta-jurnallar milliy axloq va turmush tarzimizga zid yo`nalishni tanlagani zamirida iste`molchining tarbiya topmagan mayllari, tabiati, eng muhimi ma`naviy darajasi yotibdi. Agar bizda shaxs fazilatlari va fikr egalari tarbiyalanganida edi, milliy axloq kushandasi bo`lgan bunday korchallonlari etishib chiqmagan bo`lardi.

Mutaraqqiy jamiyatlar nimaning hisobiga rivojlangan desangiz, hamma birdan chuvullab iqtisodiy islohotlar hisobiga-da, deya sizni mot qilishga tushib ketadi. Bir o`ylab ko`raylik. Rostdan shundaymikan? Qoloq Malayziyani Osiyoning manaman degan davlatiga aylantirgan Maxatxir Muhammad “Kelajakka yo`l” asarida Fitrat o`gitlarini takrorlaganini sezish qiyin emas. Ya`ni ona xalqi malayningdavlatning haqiqiy egasi bo`lishini niyat qilganini aytib o`tadi. Chunki hind, xitoy korchallonlari zulmi ostida ezilib yotgan sho`rlik malaylarning haq-huquqi nihoyatda cheklangan bo`lib, barcha sohalarni nazorat qilib turgan ikki xalqqa dastyorlik qilib kun ko`rardi, xolos. Maxatxir Muhammad ona xalqiga mustaqil yashash, mustaqil tafakkur qilish va shu yo`l bilan tadbirkorlik, ishlab chiqarishni tasarruf etish imkoniyatini yaratib beradi. Malayziya davlati uchun Maxatxir Muhammaddan ulug` odam yo`q!

KETMON ZO`RMI Yo QALAM?!

Qo`liga qalam tutgan hamkasblar hech bo`lmaganda Abdulla Qodiriyning jurnalistik faoliyatini bir ko`zdan kechirsalar yomon bo`lmas edi. Ulug` adibimiz so`zni qadrlashni, uni paykon-o`q kabi ishlatishni “Turkiston” gazetasi va “Mushtum” jurnalida ishlab yurgan chog`larida o`zlashtirgan. Isbot sifatida mumtoz yozuvchining “Mochalov”, “Layli va majnun”, “Davosiz dardlar”, “Og`zingga qarab gapir!”“Huquq” kabi hangoma va feletonlarini eslash kifoya.

Abdulla Qodiriy yashagan davrdan buyog`iga ham salkam bir asr o`tdi. Jurnalistikada jur`atning, haqiqatgo`ylikning qadri vaqt bilan, davr bilan o`lchanmasligiga yuqorida keltirilgan asarlar misol bo`la oladi. Qodiriy qalamidan chiqqan bu asarlar biz o`rganib qolgandek quloch-quloch emas. Qisqa, ixcham, ammo mantiq, dalil va fikr kuchli. So`zni kaltakdek tusma-tavakkal sermash yo`q. Mo`ljal aniq olingan. Buyam bir ibrat bizga. Shundan kelib chiqadiki, jamiyatning bugungi rivoji va kelajagi mustaqil fikr egasi bo`lgan ongli shaxslar qo`lida ekan. Dunyoning asosi to`rt unsur bo`lgani kabi, milliy taraqqiyot negizi–FIKR. Milliy jurnalistikamiz ana shu ezgu maqsadni shior qilib olishi lozim. Fikrsizlik boshlangan joyda tanazzulga yo`l ochiladi. Fikrsiz, o`zgalar ko`zi bilan yashaydigan odamdan xavfli dushman yo`q. Mutaraqqiy mamlakatlar ana shu ichki dushmanni mahv etish yo`lidan borgan. Bunda mamlakat nufusi qancha ekani ahamiyatsiz. Bir e`tibor qiling, aholisi O`zbekistonning bir viloyatiga teng mamlakatlar dunyoning manaman degan sohibi qudratlari bilan teppa-teng aloqa qilmoqda. Bunga nima sabab bo`lishi mumkin? BMTga a`zolik deysizmi? Bu tashkilotga a`zo bo`lmagan davlatlar juda kam bo`lsa kerak. Gap bunda emas. Asosiy sabab, bunday davlatlardagi har bir fuqaro ShAXS ekanida! Uning so`zi, ovozi, imzosi borligida! U davlati bilan faxrlanadi, siyosatga ongli munosabat bildiradi. Saylov va referendumlarda ishtirok etib, xuddi oilaviy muammosi hal etilayotgandek kuyib-yonadi. Aslida, bunday g`oyalar bizga mutlaqo begona emas. Abu Nasr Forobiy bobomiz “Fozil odamlar shahri” asarida xuddi mana shunday jamiyatlar haqida yozgan edi. Xudoga shukrki, ana o`shanday jamiyatlar yo`lini tutmoqdamiz. Ochiq, shaffof, sodda, samimiy munosabatlar. Shaxs va jamiyat, davlat va fuqaro munosabatlari faqat matbuot orqali o`zining mohiyatini namoyon etadi. Boshqa vostitalar o`rni va ahamiyatni zarracha kamsitmagan holda aytish o`rinliki, matbuot eng samarali va ta`sirchan yo`ldir. Uning tezkorligi masalasiga kelsak, gazetalarimiz elektron vositalarga o`rnini bo`shatib berdi. Har daqiqada yangi bir xabarni uzatib turgan havo-efirning oshig`i olchi! Lekin matbuotchilarimiz qo`l ko`tarib maydonni tark etishlariga hojat yo`q. Gazeta o`lmaydi. Endi u shunchaki bir xabarkash, jarchi emas, suhbatdoshga aylansagina yashab qoladi. Gapi ma`noli, suhbati shirin odamni ko`ngil tusagani kabi, fikr-g`oya beradigan har bitta nashrning o`rni o`zgarmasdir.

Bas, shunday ekan, bugun mustaqil fikr egalarini tarbiyalash matbuotimizning asosiy vazifalaridan biri bo`lishi kerak. Bu tarbiyani televidenie yo radio beradimi, sariq-suruq matbuot beradimi – ahamiyati yo`q! Xalqimiz buni juda ham oddiy qilib “Yaxshi so`z bilan ilon inidan chiqadi” deydi. Biz hindu afsungari emasmizki surnay chalib ilon o`ynatadigan. Zimmamizda SO`Z bilan sehrlash, so`z qudrati bilan odamlarni ezgulikka tortish imkoniyati bor. Ming ohanjama qilib, shoirona so`zlar tizgan bilan uning g`ozi bo`lmasa, zamirida danakdek fikr joy olmagan bo`lsa, do`kon-dastmoyani yig`ishtirib, qalamni ketmonga almashtiraylik!

Shunday deb yozdim-u, bobodehqonday ketmon chopish ham bir san`at ekanini, unga ham mahorat lozimligini anglab, o`ylanib qoldim. Otameros ketmonni ko`tarib yurgan dehqon ham dunyoni o`z fikri bilan qabul qiladi. Ammo shaxsiy mulohazasi yo`q, fikriga ega bo`lmagan jurnalist ertayu kech dalada yurgan dehqondan beh emas.

Bugungi matbuotni so`zbozlikdan, so`zfurushlikdan qutqarish vazifasi turibdi. Chunki biz juda aziz, qadrli narsalarni ham arzon bahoda sotishga ko`nikib qoldik. Jumladan, so`zni ham. Subutning ketgani, lafzsizlikning fazilatga aylanib borayotgani muqaddimasiana shu so`zfurushlikdir.

Nafsilamrini aytganda, kasb-korimizu mas`uliyatimiz haqidagi mulohazalar hech qachon tugamaydi. Ikki qutb, ikki tomon, ikki manfaat orasida ba`zan dallol, ba`zan hakam, ba`zan vositachi rolida namoyon bo`layotgan uchinchi odam – matbuotga aytmoqchi bo`lgan gaplarimiz ko`p. Ammo, hozircha, ustoz Abdulla Oripov satrlarini eslatish bilan so`zimizga yakun yasaymiz:

“Qo`llarim ko`ksimda, betinch, betoqat,

Ta`zimlar qilurman senga ushbu dam.

U – menmi, u – senmi, kim bo`lma, faqat,

Senga insof bersin, Uchinchi Odam!

    Boshqa yangiliklar