1

"Sarvqomat dilbarim" filmining so`nggi epizodlari Mamay qishlog`ida ​ suratga olindi

Madaniyat 30.07.2018, 17:33
"Sarvqomat dilbarim" filmining so`nggi epizodlari Mamay qishlog`ida ​ suratga olindi

O`zbekiston Prezidentining “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to`g`risida”gi qarori o`zbek va qirg`iz xalqlari o`rtasidagi azaliy do`stlik va qardoshlik munosabatlarini yanada mustahkamlashda muhim hujjatlardan biri bo`ldi.

Mazkur qaror asosida Chingiz Aytmatov xotirasini abadiylashtirish, tavalludining 90 yilligini munosib nishonlash yuzasidan katta tayyorgarlik ishlari ko`rilmoqda, yubileyoldi ma`naviy-ma`rifiy tadbirlari o`tkazilmoqda.

Buyuk adib qalamiga mansub “Sarvqomat dilbarim” qissasi asosida badiiy film suratga olish sa`y-harakatlari bu boradagi yana bir salmoqli loyihalardan bo`ldi. “O`zbekkino” milliy agentligi buyurtmasi bilan “Yoshlar ijodiy tajriba studiyasi” tomonidan ekranlashtirilayotgan mazkur film Toshkent viloyati, asosan Namangan viloyati va qisman Qirg`izistonda tasvirga olinmoqda.

Jumladan, Namangan shahrining “Ozod” mahallasidagi xonadonlardan birida, viloyat markaziy tug`uruqxonasida, Chust tumanidagi G`ova qishlog`ida ijodiy ishlar olib borildi. Tumanimizdagi Mamay qishlog`ida esa filmning so`nggi epizodlari suratga olindi.

Kartina “Sariq devni minib”, “Sehrli qalpoqcha” kabi filmlari bilan tanilgan yosh rejissyor Sarvar Karimovga ishonib topshirildi. Ijodiy guruhga Matyoqub Matchonov, Bobur Yo`ldoshev, Adiz Rajabov, Ulug`bek Qodirov kabi taniqli aktyorlar taklif etildi. Film prodyuserligi esa qirg`izistonlik Parizat Jakipbekova zimmasiga yuklatildi. Uning aytishicha, bu asar asosida oxirgi 40 yil mobaynida hech kim film suratga olmagan. Ssenariy bugungi kunlarga moslashtirilgan, uning bosh qahramonlari Ulug`bek Qodirov va Adiz Rajabov esa Qirg`izistonda ham juda mashhur.

Filmdagi bosh qahramon — Asal rolini Qirg`iziston akademik teatri aktrisasi Madina Talipbek ijro etmoqda. Shuningdek, Xadicha roli ham qirg`iz aktrisasi Elina Abay qiziga nasib etdi.

— Yoz faslining jazirama kunlari suratga olish jarayonlari Yangiqo`rg`on qir-adirlarida kechgani ayni muddao bo`ldi. Shu bahona tuman bilan yaqindan tanishish, mahalliy yoshlarni 30-iyun kuni ilk bor nishonlangan O`zbekiston yoshlari kuni bilan qutlash imkoniga ega bo`ldim. Film ekranlarga chiqqach, yangiqo`rg`onliklar o`zlariga tanish manzaralarni ko`rib, faxrga to`lishsa ajab emas, — deydi O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Matyoqub Matchonov.

“Sarvqomat dilbarim” filmi premerasi shu yilning dekabr oyiga mo`ljallangan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1