Ukraina xalq artisti Sofiya Rotaru yurtimizda konsert berishini eshitgan kunidanoq keksa avlod vakillari yoshlik davrlarini eslagan bo`lsa ajabmas. Boisi 3 sentyabr kuni «Istiqlol» san`at saroyini to`ldirgan tomoshabinlarning 90 foizi keksa va o`rta avlod vakillari bo`ldi…
«Mustaqilligingizning 23 yilligi bilan tabriklayman!»
Parda ochilib, boshlovchining iliq ta`rifidan so`ng sozandalari bilan sahnaga chiqib kelgan Sofiya Rotaruni tomoshabinlar munosib qarshi oldi. Axir jonli ijrodagi konsert kimga ham yoqmaydi, deysiz? Qo`shiqdan keyin «Bugun shu sahnada turib siz aziz muxlislarim bilan yuzma-yuz diydorlashganimdan hursandman. Va barchangizni Mustaqilligingizning 23 yillik bayrami bilan muborakbod etaman!» deya tomoshabinlar bilan salomlashib konsertni yangi qo`shiqlari bilan davom ettirdi.


Sofiyadan kutilmagan sovg`a
Sofiya konsertda dekorasiya-yu liboslarga emas, faqat ijroga e`tibor qaratganini yaqqol payqash mumkin. Tomoshabinlarning diqqati ham ortiqcha detallarga emas, mazza qilib qo`shiq tinglashga qaratildi. Hatto marhum eri Anatoliy Evdokimenkoga bag`ishlab, maxsus raqs ham ijro etildi. Rotaruning shaxsiy hayoti bilan tanish bo`lmaganlar uchun esa boshlovchi uning bolaligidan to bugungi kunigacha bo`lgan davrni xudi ertak aytayotgandek so`zlab berdi. Va bu hikoyadagi qahramonlardan biri Sofiyaning singlisi — Ukrainada xizmat ko`rsatgan artist Aurika Rotaru sahnada paydo bo`lib qo`shiqlari bilan tomoshabinlarni hushnud etdi. Bu zaldagilar uchun kutilmagan sovg`a bo`la oldi.


«Bugun istaganingizcha qo`shiq kuylayman!»
«Qarsaklaringiz kayfiyatimni ko`taryapti, bugun istaganingizcha qo`shiq kuylayman!» deya Sofiya har bir qo`shiqdan so`ng nafaqat o`zi, balki har bitta sozanda va raqqosalariga alohida qarsak so`rashdan charchamadi. «80 yillarning «xit»larini esga olamizmi?» deya tomoshabinlarga «faqat «Lavanda»ning naqoratini sizlar kuylaysiz», deb shart qo`ydi. Bu vazifani a`lo darajada bajargan, tomoshabinlarga tiz cho`kib ta`zim ham qildi. Qolaversa, zaldagi barchaning qo`llari shamolda tebranayotgan gulga o`xshab harakatlanganidan ilhomlangan xonanda «meni emas, mehrga to`la tomoshabinlarni tasvirga tushirish kerak», deb tasvirchiyu fotomuxbirlarni sahnaga olib chiqdi. Bu jarayonni faqat ko`rish kerak edi!
Muxlisi bilan sahnada raqs tushdi
Sahna ortida hech kimni Sofiyaning yoniga yaqinlashtirmagan qo`riqchilarning tanobi sahnada tortildi. Xonanda qo`riqchilarga gul bermoqchi, birga rasmga tushmoqchi bo`lganlarning yo`lini to`smasligini ta`kidladi. «Bely tanes» qo`shig`ini boshlashdan avval «yuragida o`ti borlarni raqsga taklif qilaman», degandi hamki, bir yigit sahna tomon intildi. Uning yo`lini to`sayotgan qo`riqchilarga xonanda «qo`yib yuboringlar, u meni oldimga kelyapti!» deya muxlisi bilan sahnada raqs tushdi. Hatto «yoningizga ketyapman!» deya zal bo`ylab yurib qo`shiq kuyladi va shu kuni hech bir muxlisini xafa qilmadi. Tomoshabinlar esa xonandani guldastalarga «ko`mishdi». Ko`chada kuz fasli, sahnada esa go`yo bahor...

O`zbekona liboslardagi Sofiyaxon
Konsertning so`nggi «blok»ida sahnaga chiqqan Sofiya va ijodiy jamoani ko`rib, zal «portladi». Sababi ularning bari o`zbek milliy libosimizda sahnaga chiqib, muxlislar bilan keyingi konsertgacha xayrlashishni maqul ko`rishgandi. «Bu o`zbek milliy libosini kecha Toshkentga kelganimda sovg`a qilishdi. So`z beraman o`zbek tilini o`rganaman va tez-tez O`zbekistonga kelib konsert beraman! Azizlarim mehringiz, mehmondo`stligingiz, samimiy tabassum va e`tiboringiz, guldastalar uchun alohida rahmat! Rosti, O`zbekistondan ketgim kelmayapti!» deya bir juft qo`shiq kuylab xayrlashdi.

Sadoqat ALLABERGANOVA tayyorladi





