13 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisida to`y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag`ishlangan tadbirlar o`tkazilishini tartibga solish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar berdi.
Majlisni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Nig`matulla Yo`ldoshev olib borgan.
Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2018 yil 30 martdagi tegishli Qarori asosida Respublika ishchi guruhi tomonidan oilaviy tadbirlarni tartibga solish yuzasidan keng jamoatchilik fikri o`rganildi.
Jamoatchilik fikrini o`rganish natijalariga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2018 yil 29 iyunda «To`y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag`ishlangan tadbirlar o`tkazilishini tartibga solish to`g`risida»gi Qarori qabul qilindi.
Boshqa vazifalar bilan birga mazkur qarorda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan joylarda oilaviy tadbirlarni milliy va diniy qadriyatlarimizga mos holda, ortiqcha dabdaba va isrofgarchiliksiz o`tkazish yuzasidan doimiy monitoring yuritish tizimini yo`lga qo`yish, monitoring natijalari asosida tegishli hududning o`ziga xos xususiyatlari, urf-odatlari hamda mavjud sharoitlaridan kelib chiqib, oilaviy tadbirlarni namunali o`tkazish bilan bog`liq masalalarni xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida muhokama qilib borish nazarda tutilgan.
Qarorda belgilangan vazifalarning samarali ijro etilishini ta`minlash maqsadida Senat Kengashining majlisida «Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlarida To`y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag`ishlangan tadbirlar o`tkazilishini tartibga solish masalalari bo`yicha komissiyalar tuzish to`g`risida»gi Qaror qabul qilindi.
Qaror bilan komissiyalarning namunaviy nizomi va ularning namunaviy tarkibi ham tasdiqlandi.
Unga ko`ra, mahalla fuqarolar yig`inlari bilan birgalikda namunali oilaviy tadbirlar o`tkazilishini tashkil etish, oilaviy tadbirlarni o`tkazish vaqtida milliy qadriyatlarga zid bo`lgan marosimlarga, nomaqbul odatlarga va ularning salbiy oqibatlariga yo`l qo`ymaslik yuzasidan targ`ibot ishlari olib borish, urf-odatlarni mensimaslik, isrofgarchilik holatlarini jamoatchilik muhokamasiga qo`yish kabi masalalar komissiyalarning asosiy vazifalari etib belgilandi.
Bundan tashqari, Qarorda mamlakatimizdagi barcha fuqarolar yig`inlari huzurida oilaviy tadbirlar o`tkazilishini tartibga solish masalalari bo`yicha komissiyalar tuzish belgilandi.






