Joriy yilning 30 iyun kuni Xalqaro press-klubda o`tkazilgan muloqotda “O`zavtosanoat“ aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov 1 avgustdan avtomobillar narxi o`rtacha 14 foizga oshirilishi haqida ma`lum qilgan edi. Tabiiyki, bu bayonotga nisbatan jamoatchilik o`z munosabatini bildirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.
Shundan so`ng 1 avgust kuni “O`zavtosanoat“ aksiyadorlik jamiyati o`z saytida “GM Uzbekistan“ avtomobillarining narxlari oshirilmasligi haqidagi qo`shimcha bayonot bilan chiqqandi.
To`g`ri, 1 avgustdan narxlar rasman oshmadi. Biroq jamoatchilik tomonidan “Avtosalonlarda shartnomalar nima uchun berilmayapti”, mazmunidagi e`tirozlar ko`paydi. Haqiqatan ham hech bir sababsiz, xalqqa ma`lum qilinishi kerak bo`lgan tartiblar tushuntirilmay shartnomalar nima uchundir to`xtatilgan.
Natijada shu kunlarda mashina bozorlaridagi avtomobillarning narxi o`sgan. Sabab ma`lum, ko`pchilikning ko`nglida engil avtomobilarning narx-navosi borasida shubhalar ortib bormoqda.
Masalaga oydinlik kiritish maqsadida O`zA “O`zavtosanoat“ aksiyadorlik jamiyatining axborot xizmati bilan bog`landi.
– GM Uzbekistan zavodi avtomobillarining narxi o`zgargani yo`q. 30 iyul kuni Xalqaro press-klubda muhokama qilingan avtomobil narxlari masalasi hozirda mutasaddi tashkilotlar va mutaxassislar bilan hamkorlikda har tomonlama, narx oshishining ijobiy va salbiy tomonlarini inobatga olgan holda o`rganib chiqilmoqda. Narxlar oshishi kutilmoqda, shuning uchun aniq narx-navolar belgilanmagani sabab mijozlar bilan shartnomalar tuzish hozircha to`xtatilgan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda avtomobil narxlari bo`yicha tarqalgan ma`lumotlar va avtomobillar narxi bo`yicha prays-list ishonchli emasligini bildiramiz. Ayni vaqtda ularning narxi hali hisoblab chiqilmadi.
Bu so`zlardan anglash mumkinki, demak, avtomobillarning rusumlariga ko`ra narx belgilash jarayoni ko`rib chiqilmoqda. Yaqin kunlarda narxlar borasida aniq ma`lumotlarni taqdim etishsa, ajab emas.