AsosiyJamiyat

Milliy universitet tarkibida O`zbek-Isroil qo`shma fakulteti tashkil etiladi

'Milliy universitet tarkibida O`zbek-Isroil qo`shma fakulteti tashkil etiladi'ning rasmi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida davlatimiz rahbarining Milliy universitet tarkibida O`zbek-Isroil qo`shma Yuqori texnologiyalar va muhandislik matematikasi fakultetini tashkil etish to`g`risidagi qarori loyihasi joylashtirildi.

Qaror loyihasida Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti tarkibida Isroil davlatining Xolon texnologiyalar instituti bilan hamkorlikdagi O`zbek-Isroil qo`shma “Yuqori texnologiyalar va muhandislik matematikasi” tashkil etish belgilangan.

Yangi fakultetda bakalavr va magistrlar, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlanib, talabalarni o`qitish to`lov-kontrakt asosida o`zbek, rus va ingliz tillarida, kunduzgi ta`lim shaklida O`zbekiston Respublikasi davlat ta`lim standartlari talablari inobatga olingan holda Xolon texnologiyalar institutida (Isroil) qabul qilingan ta`lim standartlari, o`quv rejalari va dasturlari asosida amalga oshiriladi/

Hujjatga ko`ra, fakultetga abiturientlarni talabalikka qabul qilish va fakultet bitiruvchilarining attestasiyasi Xolon texnologiyalar institutida (Isroil) belgilangan tartib, talablar va muddatlarga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Qaror loyihasiga binoan bakalavr ta`lim yo`nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotasi mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqib, Universitet va Xolon Texnologiyalar instituti tomonidan O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot hamda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirliklari bilan kelishgan holda belgilanadi.

Fakultet talabalari o`quv jarayonida O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi tasarrufidagi Ilg`or texnologiyalar markazi laboratoriyalaridan bepul foydalanadi.

O`zbek-Isroil qo`shma fakulteti bitiruvchilariga O`zbekiston Respublikasi hamda Isroilda oliy ta`lim to`g`risidagi hujjat sifatida tan olinadigan, o`zaro kelishuv asosida belgilangan namunadagi ikki tomonlama tan olinadigan Universitet va Xolon Texnologiyalar instituti diplomi beriladi.

    Boshqa yangiliklar