Ehtiyojmand oilalarga ijtimoiy ko`mak berishdek xayrli ishlarga O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlari ham o`z hissalarini qo`shmoqda.
Byuroning Surxondaryo viloyat Muzrabot tuman bo`limi xodimlari ham fuqarolarning dardu tashvishlari bilan yashash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning muammo va kamchiliklarini bartaraf etish bo`yicha tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Tumanda o`tkazilgan shunday tadbirlarda 35 dan ortiq oilaga kommunal to`lovlarni amalga oshirishlari uchun shaxsiy abonent raqamlari ochilib, xonadonlardagi hisoblagichlar qiyoslash ko`rigidan o`tkazib berildi. Ayrim xonadonlarga esa homiylik mablag`lari hisobidan yangi elektr hisoblagichlar o`rnatildi. Bunday e`tibordan yurtdoshlarimiz mamnun. Mazkur yo`nalishdagi ishlarni muntazam davom ettirish ko`zda tutilgan.
Ta`kidlash zarurki, bu kabi xayrli ishlar, eng avvalo, oilalarda, jamiyatda o`zaro hamjihatlik, mehr-oqibat, bag`rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlab, insonlarning mushkulini oson qiladi va ko`nglini tog`dek yuksaltiradi. Eng muhimi, bu kabi xayrli ishlar ehtiyojmand insonlarning ertangi kunga ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.