Ta`lim yo`nalishlari bo`yicha eng yuqori o`tish bali - davlat granti bo`yicha 223,5 ballni tashkil etdi va bu ko`rsatkich «Yurisprudensiya» (rus) ta`lim yo`nalishida qayd etildi. To`lov-kontrakt bo`yicha esa 176,7 ball bo`lib, bu ko`rsatkich ham «Yurisprudensiya» (o`zbek) ta`lim yo`nalishiga to`g`ri keladi. Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov tomonidan Facebook‘da e`lon qilingan yakuniy natijalar shundan dalolat beradi.
Oliy ta`lim muassasalari bo`yicha eng yuqori o`tish bali - davlat granti bo`yicha 223,5 ball, to`lov-kontrakt bo`yicha 176,7 ballni tashkil etdi. Har ikki ko`satkich ham Toshkent davlat yuridik universitetida qayd etildi.
Respublika bo`yicha o`rtacha o`tish bali - davlat granti bo`yicha 123,0 ball, to`lov-kontrakt bo`yicha 101,9 ball bo`ldi.
Respublika oliy ta`lim muassasalariga kirish test sinovlarida qo`llanilgan bu yilgi tizim keyingi yillarda ham har tomonlama bilimli, iqtidorli yoshlarni oliy ta`lim muassasalariga kirib ta`lim olishlarida takomillashtirilgan holda joriy etiladi.
Shuni alohida ta`kidlash joizki, test sinovlarini adolatli va shaffof o`tishini ta`minlash maqsadida ilk marotaba:
birinchidan, shaxsni identifikasiyalash qurilmalari hamda kuzatuv kameralari yordamida katta sig`imli 57 ta binolarda 2 smenada o`tkazildi;
ikkinchidan, test sinovlari UzdigitalTV va mahalliy telekanallar orqali hamda test2018.uz Internet saytida onlayn ko`rinishida to`g`ridan-to`g`ri yoritildi;
uchinchidan, abiturientlarning ota-onalari uchun salqin joylarda joylar tashkil qilingan holda test sinovlari o`tadigan hududda katta hajmli monitorlar yordamida test jarayonlari onlayn ko`rinishda yoritib borildi.
Bundan tashqari, Ichki ishlar tizimidan 4 963 ta shaxsiy tarkib xodimlari, 1206 ta aloqa vositalari, 694 ta metallodetektorlar, 289 ta transport vositalari test sinovlari jarayoni xavfsiz o`tishiga jalb qilindi, deyiladi Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov ma`lumotida.