AsosiyJamiyat

O`qishga kira olmagan yana 100 abiturient talaba bo`ldi

'O`qishga kira olmagan yana 100 abiturient talaba bo`ldi'ning rasmi

2018/2019 o`quv yilidan boshlab O`zbekiston milliy universitetida “5120101-Filologiya va tillarni o`qitish: o`zbek tili” ta`lim yo`nalishi hamda Toshkent davlat pedagogika universitetida “5111200- O`zbek tili va adabiyoti” ta`lim yo`nalishi bo`yicha kadrlar tayyorlash qaytadan yo`lga qo`yiladi.

Bu haqida Prezident Sh.Mirziyoev 2018 yil 20 iyul kuni O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida o`tkazilgan majlisda topshiriq bergan edi.

Ushbu topshiriq ijrosini ta`minlash maqsadida, quyidagi qo`shimcha kvotalar ajratildi:

O`zbekiston milliy universiteti uchun “Filologiya va tillarni o`qitish: o`zbek tili” ta`lim yo`nalishi bo`yicha - 50 ta;

Toshkent davlat pedagogika universiteti uchun “O`zbek tili va adabiyoti” ta`lim yo`nalishi bo`yicha – 50 ta.

Bu 100 ta o`rin qanday to`ldiriladi?

Qo`shimcha ajratilgan bu 100 ta kvota Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetiga joriy yilda hujjat topshirib, to`lov-kontrakt uchun etarli ball to`play olmagan mos ta`lim yo`nalishlari abiturientlari hisobidan shakllantiriladi.

Bu nima degani?

Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetining “Filologiya va tillarni o`qitish: o`zbek tili” ta`lim yo`nalishi bo`yicha kontraktning eng oxiridan (168,6 ball) keyin turgan 50 nafar yiqilgan abiturientlar O`zMU talabasi bo`ldi.

Xuddi shunday Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetining “O`zbek tili va adabiyoti” ta`lim yo`nalishi bo`yicha kontraktning eng oxiridan (160,9 ball) keyin turgan 50 nafar yiqilgan abiturientlar Pedagogika universiteti talabasi bo`lishdi.

Bunda ballar ketma-ketligiga qat`iy rioya qilinadi.

Kontraktmi, byudjetmi?

Ushbu 100 nafar omadli abiturientlar to`lov-kontrakt asosida qabul qilinadi. E`tiborli tomoni bu qo`shimcha kontrakt emas, ya`ni ular oddiy miqdordagi kontrakt to`lab o`qishadi.

G`oyibdan omad kulib boqqan ushbu abiturient-talabalarni chin qalbdan tabriklaymiz!

Ular orasidan o`zbek tilining rivoji uchun hissa qo`shadigan olimlar etishib chiqishiga tilakdoshmiz.

    Boshqa yangiliklar