AsosiyJamiyat

Adliya vazirligi 20 nafar baholovchiga sertifikat berilishini ta`minladi

'Adliya vazirligi 20 nafar baholovchiga sertifikat berilishini ta`minladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 13 apreldagi PQ–3666-son qarori bilan Adliya vazirligiga davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida huquqni qo`llash amaliyotini izchil va bir xilda ta`minlash bo`yicha choralarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Qisqa muddat ichida Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarmalari hamda tuman (shahar) adliya bo`limlari tomonidan mazkur yo`nalishda bir qator ishlar amalga oshirilib, ijobiy natijalarga erishildi.

O`tgan uch oy davomida respublika bo`yicha jami bo`lib 650taga yaqin (respublika, viloyat va tuman (shahar) darajalaridagi) tashkilotlarda 7000dan ko`p qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Qonunbuzilishlar asosan ta`lim, sog`liqni saqlash, mehnat, kommunal xizmatlari, er ajratish, ma`muriy javobgarlikka tortish va boshqa sohalarda yo`l qo`yilgan.

Yo`l qo`yilgan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlariga 290ta taqdimnomalar (70 nafar aybdor xodimga ish beruvchilar tomonidan intizomiy jazo choralari qo`llanildi), aybdor shaxslarni ma`muriy javobgarlikka tortish yuzasidan sudlarga 82ta taklif kiritildi.

Bundan tashqari, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlariga kelgusida sodir etilishi mumkin bo`lgan qonunbuzilishlarni oldini olish 2500dan ortiq ogohnomalar kiritildi.

Aniq misollar keltiriladigan bo`lsa, Adliya vazirligiga fuqaro U.D. Xususiylashtirilgan korxonalarga ko`maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan 2018 yil 22 mayda o`tkazilgan malaka imtihoni natijalari bekor qilinganligidan norozi bo`lib murojaat qilgan. Mazkur holat vazirlik tomonidan batafsil o`rganib chiqilib, tegishli amaliy chora-tadbirlar amalga oshirildi, natijada malaka imtihoni muvaffaqiyatli topshirgan 20 nafar fuqaroga, shu jumladan U.D.ga baholovchi malaka sertifikatlari berilishi ta`minlandi. Qo`mitaning aybdor xodimiga nisbatan chora ko`rildi.

Shuningdek, Adliya organlari tomonidan tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari, tuman (shahar) yo`l ekspluatasiya korxonalari, avtomobil yo`llari bosh boshqarmalari huzuridagi ekspluatasiya liniya korxonalarining faoliyati hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 maydagi 349-son qarorining bajarilishi o`rganildi. O`rganish davomida bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi va ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko`rildi.

Jumladan, 28 nafar fuqaroning manfaatlarini ko`zlab fuqarolik ishlari bo`yicha sudlarga da`vo arizalari kiritilib, 67,4 mln so`m pul mablag`lari undirib berildi.

Shu bilan birga, obodonlashtirish sohasini hamda mehnat to`g`risidagi qonun hujjatlarini ilg`or xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda takomillashtirish yuzasidan 11ta yo`nalishda 40ga yaqin takliflar ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi.

Bundan tashqari, vazirlik tomonidan xalq ta`limi tizimi rivojlanishiga salbiy ta`sir qiluvchi salbiy omillar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan 11ta yo`nalishda 28ga yaqin takliflar ishlab chiqilib, prezident devoni hamda hukumat idoralariga taqdim etildi.

Shu bilan bir qatorda, mamlakatimizning iqtisodiyotini yangi pog`onaga ko`tarish, investisiya muhitini yaxshilash, bozorlar faoliyatini takomillashtirish, qonunchilikdagi kollizion normalarni bartaraf etishga qaratilgan tegishli O`zbekiston Respublikasi Qonuni hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori va farmoni loyihalari ishlab chiqilgan.

Ularning biri joriy yilning 1 avgust kuni mamlakatimiz rahbari tomonidan imzolandi, xususan O`zbekiston Respublikasi prezidentining “O`zbekiston Respublikasida investisiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar