Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog`i va uning tarkibiga kiruvchi Chotqol davlat biosfera qo`riqxonasi, Burchmulla va Ohangaron davlat o`rmon xo`jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari haqidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali xabar bermoqda.
Endilikda Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog`i, Chotqol davlat biosfera qo`riqxonasi, Burchmulla va Ohangaron davlat o`rmon xo`jaliklari faoliyati Toshkent viloyati mahalliy byudjeti mablag`lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Burchmulla va Ohangaron davlat o`rmon xo`jaliklari yil yakuni bo`yicha olgan sof foydasining teng yarmi O`rmon xo`jaligini rivojlantirish jamg`armasiga yo`naltiriladi.
Shuningdek, qaror bilan Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog`i, Chotqol davlat biosfera qo`riqxonasi, Burchmulla va Ohangaron davlat o`rmon xo`jaligi xodimlari mehnatiga haq to`lash tartibi tasdiqlandi.
Unga ko`ra, mazkur hududlarda ishlovchi xodimlar va inspektorlar doimiy yashash joyidan boshqa joyda bo`lganligi uchun ularga eng kam ish haqining uch baravari (552 900 so`m) miqdorida qo`shimcha haq to`lanishi belgilandi.
Bundan tashqari, har oyda yo`l transportiga eng kam ish haqining bir baravarigacha (184 300 so`m) hamda tushlik ovqatlanish xarajatlariga eng kam ish haqining ikki baravarigacha (368 600 so`m) to`lov amalga oshiriladi.






