1

Futbol jamoatchiligiga yolg`on xabar tarqatganligi uchun “Lokomotiv” klubiga jazo belgilanadi

Sport 22.09.2014, 11:57
Futbol jamoatchiligiga yolg`on xabar tarqatganligi uchun “Lokomotiv” klubiga jazo belgilanadi

Tez orada O`zbekiston Professional Futbol Ligasi rahbariyati futbol jamoatchiligiga yolg`on xabar tarqatganligi uchun “Lokomotiv” klubiga jazo belgilaydi. Bu haqda PFL rasmiy sayti xabar beradi.

Ma`lum bo`lishicha, Oliy liganing 28 avgust kuni o`tkazilgan 18-tur uchrashuvlari doirasidagi “Lokomotiv”-“Bunyodkor” uchrashuvidan keyin “Lokomotiv” futbol klubi o`yindagi hakamlik saviyasidan, aniqrog`i 12 vaziyatdan norozi bo`lib, protest yozgan.

Mazkur protest asosida O`zbekiston Futbol Federasiyasining Hakamlar va nazoratchilar qo`mitasi navbatdan tashqari majlisida ushbu 12 vaziyatdan 3 tasida hakam haqiqatan ham xatolikka yo`l qo`ygan, lekin bu o`yin natijasiga ta`sir qilmaganligi ma`lum qilindi. Protestdagi qolgan 9 ta vaziyatda esa hakam haq bo`lgan.

Jazo chorasi sifatida “Lokomotiv”-“Bunyodkor” uchrashuvini boshqargan Valentin Kovalenkoga xayfsan e`lon qilinib,  ushbu o`yindagi xizmat haqqini 25 foizga kamaytirish haqida qaror qabul qilingan.

“Nazoratchilarning tartib-intizom kodeksi”ga asosan, “Lokomotiv”-“Bunyodkor” nazoratchisi G`ayrat Karimov bosh hakam Valentin Kovalenkoga bahoni ko`tarib qo`yganligi uchun uning ham o`yindagi xizmat xaqqi 25 foizga kamaytirildi va keyingi 4 ta tur o`yinlaridan chetlatildi.

5 sentyabr kuni “Lokomotiv” klubi sayti esa “Lokomotiv” - “Bunyodkor” o`yinida hakamlik qilgan Valentin Kovalenko 4ta o`yinga diskvalifikasiya qilingani haqida xabar tarqatgan.

“Klub futbol jamoatchiligiga yolg`on xabar tarqatishda nima maqsadni ko`zlaganligi noma`lum, lekin bunday ishlar jazosiz qolmasligi kerak. Professional Futbol Ligasi rahbariyati tez orada bu ishni ko`rib chiqishni yakunlaydi va “Lokomotiv” klubiga jazo belgilaydi. Bu haqdagi axborot PFL saytida e`lon qilinadi”,- deyiladi PFL xabarida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1