O`zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdieva vafot etdi. Bu Haqda «O`zA» xabar berdi.
Halima Xudoyberdieva 1947 yil 17 mayda Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida Ummatqul Xudoyberdi o`g`li va Shafoat Xonnazar qizi oilasida dunyoga kelgan. O`zbekiston xalq shoiri (1992). Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). «Saodat» jurnalida adabiy xodim, bo`lim mudiri (1972-75), bosh muharrir o`rinbosari va bosh muharrir (1982-94), Yoshlar nashriyotida bo`lim mudiri (1978-82), O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi raisi (1990-94), «Yozuvchi» nashriyotida etakchi muharrir (1996-98), «Sanam» jurnalida bosh muharrir o`rinbosari (1998-2003), 2004 yildan «XXI asr» gazetasida bo`lim muharriri bo`lib ishlagan.
Halima Xudoyberdievaning ilk she`rlari o`quvchilik yillarida Yangier tumani gazetasida bosilgan (1964). Shundan keyin uning «Ilk muhabbat» (1968), «Oq olmalar» (1973), «Chaman» (1974), «Suyanch tog`larim» (1976), «Bobo quyosh» (1977), «Issiq qor» (1979), «Sadoqat» (1983), «Muqaddas ayol» (1987), «Bu kunlarga etganlar bor», «Hurlik o`ti» (1993), «To`marisning aytgani» (1996) «Yo`ldadirman» (2005) va boshqa she`riy kitoblari nashr etilgan.
Halima Xudoyberdieva o`zbek she`riyatiga samimiy insoniy tuyg`u va fazilatlar — sevgi va sadoqat, mehr va muruvvatni tarannum etuvchi shoira, o`zbek xotin-qizlari orzu va armonlarining kuychisi sifatida kirib keldi. U dastlabki she`riy to`plamlaridan boshlab o`z ijodida ayol va ona obrazlarining sehrli qirralarini ochishga, ularning nafaqat jamiyatning to`laqonli va faol a`zolari, balki shu jamiyatning ko`rki va bezagi ekanligini uqtirishga intildi. Uning tasavvuridagi ayol har qanday xalq va mamlakatning kelajagi — sog`lom va barkamol yoshlarni etkazib beruvchi mo``jizaviy kuchdir. Halima Xudoyberdieva ayni shu nuqtai nazardan o`zbek ayollarining o`y-xayollarini, ichki kechinmalarini yorqin tasvirlaydi, zamondoshlarida ayollarga nisbatan hurmat va muhabbat tuyg`ularini o`stirishga intiladi.
Halima Xudoyberdievaning she`rlari ko`plab xorijiy tillarga tarjima qilingan. To`fon Minnullinning «Alla» pesasi Halima Xudoyberdievaning avtorlashtirilgan tarjimasida O`zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida qo`yilgan. Shuningdek, shoiraning xalq orasida «Suyanch tog`larim», «Bobo quyosh», «Issiq qor», «Sadoqat» va «Muqaddas ayol» kabi qator she`riy to`plamlari sevib mutolaa qilinadi.
U Fazu Alieva, Silva Kaputikyan, Ibrohim Yusupov ijodidan tarjimalar qilgan.
Birinchi chaqiriq O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati. Hamza nomidagi O`zbekiston Davlat mukofoti laureati (1990).
Marhumaning oila a`zolariga va yaqinlariga hamdardlik izhor etamiz.






