1

Jazoir yakshanbasi (Hikoya)

Mutolaa 22.08.2018, 01:24
Jazoir yakshanbasi (Hikoya)

– Oyi! – qichqirdi Shalabiya, – etib qoldik, shekilli, keyingi stansiya – Jazoir!

Zubayda irg`ib turdi. Paranjisini to`g`riladi va yana joyiga o`tirdi. Shaharga etib kelgunlaricha uning ko`zlari to`rt bo`layozdi. Yo`l bo`yi tinmay qizidan qachon manzilga etib kelishlarini, qachon o`g`li Muhammad bilan uchrashishini so`rab keldi.

Vagon yo`lagida besaranjomlik boshlandi. Poezd Mezon-Qori shaharchasiga etib kelgan, hamma tushishga tayyorlanar edi.

Zubayda qiziga qaradi va yuzinchi marta dedi:

– Meni aytdi dersan, Muhammad seni ko`rib shunday quvonadiki – bu unga ajoyib kutilmagan sovg`a bo`ladi.

Shalabiya ham yuzinchi marta javob qaytardi:

– U suratimni olib borishingizni kutyapti. Akam bilan ko`rishishni o`ylasam, ichimga sig`may ketyapman. Bu daqiqalarni tasavvur ham qila olmayman. Axir, men qamoq nimaligini bilmayman!

Zubayda paranjisini tushirdi va sabrsizlik bilan kuta boshladi. U yana Muhammadning so`nggi xatini esladi: “…Onajonim…Meni deb bunday olis yo`l kelishingizni xohlamayman, ammo siz bu fikrimga qarshi ekansiz, siz bilan tezroq ko`rishishni xohlayman- bu mening yagona tilagim. Qanday baxt! Shu ondan boshlab sizning tashrifingizgacha qolgan kunlarni sanayman. Singlim Shalabiya bilan ham ko`rishsam degandim, lekin u siz bilan kela olmas ekan, suratini o`zingiz bilan olib keling. Uni shunday sog`indim-ki! Kichkintoy Shalabiyani bunchalik qo`msayman deb sira o`ylamagandim. Men bilan bir kamerada o`tirgan og`aynimning onasi yashaydigan manzilni yuboryapman. U sizni vokzalda kutib oladi. Havotirlanmang, sizni qora paranjingizdan tanib oladi. Bu erda barcha ayollar oq paranji kiyishadi… Siz har safar mendan qancha muddatga mahkum etilganligimni so`raysiz. Agar hammamiz yurtimiz mustaqillikka erishganidan so`ng ozodmiz deb o`ylasak buning ahamiyati bormikan!..”

Zubayda o`g`lining barcha xatlarini yoddan bilardi. Shalabiya onasi xatlarni yodlab olmaguncha o`qiyverardi-o`qiyverardi.

Nihoyat, poezd quloqni qomatga keltiradigan taraq-turuq ovoz bilan Jazoir bekatiga etib keldi. Shalabiya perronga sakrab tushdi va onasining tushishiga ham ko`maklashdi. Zubayda qo`liga chamadonni olib, ularni kutib olishi kerak bo`lgan ayolni axtara boshladi.

– Zubayda xonim, Zubayda xonim... – Bir notanish ayol ular tomonga yaqinlashib kelardi. – Sen, o`ylashimcha, Shalabiya bo`lsang kerak. Nihoyat, kelibsizlar-da… Xush ko`rdik. Men Sofiya xonim – Alining onasiman, u sizning o`g`lingiz bilan bir kamerada.

Zubayda Sofiya xonimning yuzlaridan shosha-pisha o`pdi.

– Bizni tanib olibsiz-da, – dedi u qora paranjisiga ishora qilib.

Sofiya xonim kulib qo`ydi:

– Ha, Ali menga sizlarda – Satifda qora paranji kiyishlarini aytgandi. Xo`sh, qalay, yo`lda qiynalmadinglar-mi? Balki, charchagandirsiz?

Sofiya xonim ularni savolga ko`mib tashladi. Zubayda va qizi atrofga alanglagancha muloyimlik bilan javob qaytarishdi.

Ular liftga chiqishdi va ko`z ochib yumguncha Bresson maydonida paydo bo`lishdi. Shalabiya atrofni diqqat bilan kuzatdi. Zubayda dengiz tomonga ishora qildi:

– Bu port-mi?

– Ha, – javob berdi Sofiya.

Port Zubaydaga o`g`lining so`zlarini eslatdi: “…Bugun bizlarni erta tongda hali quyosh chiqmasdan turib harbiy tribunalga olib ketishdi. Port yonidan o`tayotib qamoqxona mashinasining oynalariga o`rnatilgan temir panjara orasidan dengiz tomonga tikildim. Quyosh dengiz ortidan bosh ko`tarayotgandi. Yurtimiz qanday chiroyli-a!..”

Yo`lda Zubayda Sofiya xonimdan so`radi:

– O`g`lim bilan qachon ko`rishishim mumkin?

– Ertaga ertalab, – dedi Sofiya xonim, – harbiy tribunaldan qamoqxonaga kirish uchun ruxsatnoma olsak bo`lgani. Hammasi ko`ngildagidek bo`ladi. Ertaga uchrashuv kuni.

Tong saharlab Shalabiya, Zubayda hamda Sofiya xonim qo`llarida ruxsatnoma bilan Barbaros qamoqxonasining darvozasi yonida o`z navbatlarini kutishardi. Odam tiqilinch edi: erkaklar, ayollar, bolalar. Shalabiya kutaverib charchadi. U atrofga nazar soldi. Mahbuslarning yaqinlari to`da-to`da bo`lib bir-birlari bilan suhbatlashishardi. Yo`lakda bolalar yugurib yurishibdi. Bu erda hamma bir-biri bilan taniganga o`xshardi. Shalabiya darvoza tomonga o`girildi. Uning nigohi yaqindagina osilgan e`longa tushdi. Yaqinroq kelib unda akasi va ikki notanish kishining ismlarini ko`rdi. E`lonning mazmunini idrok qilolmay, ikki-uch martalab o`qib chiqdi. Shalabiyaning rangi bo`zdek oqarib ketdi, biroq hali ham e`lonning mazmunini anglolmadi. Onasi uni chaqirayotganini eshitsa-da, joyidan qimir etmay turaverdi.

“Yo`q, bo`lishi mumkin emas, – derdi u o`ziga-o`zi. – Axir u nima bo`lgani haqida biror marta churq etmagandi-ku…Ishonib bo`lmaydi!..”

U tosh qotgandi.

– Shalabiya, Shalabiya! – Zubayda qizining qo`lidan ushlab tortdi. – Yursang-chi, navbatimiz keldi.

Qiz beixtiyor onasining ortidan qamoqxona nazoratchisining qizil basharasi ko`rinib turgan darcha yoniga keldi. Zubayda hayajonlanib ovqat solingan savatni nazoratchiga uzatdi. “Hozir, – o`ylardi u, – ikki yillik ayriliqdan so`ng bolaginam Muhammadni ko`raman…”

Nazoratchi eshikni ochganda Zubayda turtinib ketdi. Nazoratchi ruxsatnomaga, keyin darvozaga yopishtirilgan e`longa qaradi va o`zicha to`ng`illab qo`ydi: “Hm, bekorga bu ism tanish tuyulmagan ekan-da! Adashmabman.” U Zubaydaga qayrilib qaradi va ovozini balandlatib dedi:

– Nima, o`qishni bilmaysiz-mi? Bugun ertalab uni qatl qilishdi!

Zubayda tushunmasdan qiziga qaradi. Shalabiya ortga tisarilib, past ovozda shivirladi:

– Uni bugun ertalab o`ldirishibdi.

Shalabiya e`longa ishora qildi.

– Oldinroq kelish kerak edi, – gap qistirdi nazoratchi, – ana shunda uni ko`rishga ulgurardinglar. Hoy, navbatdagi kim?..


Zihor Ziroriy, Jazoir adibi.

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1