Avvalroq, "500 ming dollar sarmoya kiritgan investorni MIB xodimlari haydab chiqarmoqda. Investor esa bundan hayratda..." sarlavhali maqola e`lon qilingan edi.
Unda shu yilning bahorida Prezidentimiz qarori bilan “Oniks“ (sobiq “Mikond“) billur zavodi o`rnida tashkil etilgan "Olmazor kichik sanoat zonasi"da mehnat qilayotgan xorijlik va mahalliy tadbirkorlar duch kelayotgan muammolar ko`tarilgan edi. Ya`ni u erdagi tadbirkorlardan zavoddan qolib ketgan milliardlab qarzlarni to`lashlari yoki hududni bo`shatib qo`yishlari talab qilinayotgandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ko`plab mulohazalarga va muhokamalarga sabab bo`lgan bu maqola mas`ullarni ham befarq qoldirmadi. Olti oy avval boshlangan muammolar qisqa fursatda bartaraf etildi, deb habar beradi O`zA
Qayd etish joizki, eski billur zavodiga tegishli bu erlar yillar davomida chakalakzorga aylanib, binolar nurab bitgandi. Shunday bo`lsa-da, bino, inshootlarni imtiyozli shartlar asosida ijaraga berish bo`yicha Toshkent shahar hokimining qaroriga ko`ra, 2017 yilda tanlov savdolari asosida tender o`tkazildi. Puxta biznes rejaga ega bo`lgan 40 tadbirkorga 10 yillik muddatga, imtiyozli ravishda taqdim etildi. Ular bilan eksportbop, import o`rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish va yangi ish o`rinlari yaratish sharti bilan ijara shartnomalari tuzilgan.
– 9 avgust kuni Toshkent shahar hokimi vakillar bilan kelib vaziyatni o`rgandi, tadbirkorlar bilan muloqot qildi, takliflar berdi,–deydi “Olmazor kichik sanoat zonasi“ rahbari Umar Yunusov. – Meni ham ana shu yig`ilishda saylashdi. Yuzlab mashina yillab yig`ilib yotgan axlat chiqarildi. 7,5 milliard qarz echildi. Shu oyning oxirida qolgani ham qoplanadi. Nasib bo`lsa, yilni 3 milliard foyda bilan yakunlaymiz. Soliq masalasida muammo bor edi. Bir yarim kun ichida u ham hal etildi. Qisqa fursatda bo`lgan o`zgarishlarni solishtirsangiz, hayron bo`lasiz. Obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda, binolarning fasad qismlari ta`mirlanmoqda.
– Kichik sanoat zonamiz, kichik shaharchaga aylanib bormoqda, – deydi Olmazor tumani deputati Baxtiyor Sagatov.– Bu hududda 40 ta korxona mavjud bo`lib, ularda 500 ortiq ish o`rni yaratilgan. Albatta, biz ham deputat sifatida bu muammolarni hal qilishda ishtirok etdik. Endi qarz yo`q. Tadbirkorlar O`zA va shu muammoni hal qilishda yordam bergan barcha tashkilotlardan minnatdor bo`lmoqda.
Albatta, bu o`zgarishlardan Olmazor tumanidagi kichik sanoat zonasidan bino olib, O`zbekistonda o`z biznesini boshlagan xitoylik tadbirkor Kuan Rumbo ham xursand.
– Binoni ijaraga olib, zanglamaydigan metalldan oshxona anjomlari tayyorlashga mo`ljallangan zamonaviy uskunalarni Xitoydan olib keldim,–deydi investor. – 500 ming dollar mablag` kiritdim. Yana investisiya olib kelishni mo`ljallab turibman. O`zbekistonda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni boshladik. Muammolarimiz hal bo`lganidan xursandman. Endi hech narsani o`ylamay, bino atrofini obodonlashtirib, gullar va daraxtlar ekishni boshladik.
Ayni vaqtda hududdagi 18 ta korxonada ta`mirlash va montaj ishlari olib borilmoqda. 22 ta korxona ish boshlagan bo`lib, ularning 8 tasi eksport bilan shug`ullanmoqda. Bugungi kunda uchta korxona 37,3 ming dollar miqdorida eksportni amalga oshirdi.
Ular xushxabarni eshitgach, hamjihatlikda o`z hududlarini tartibga keltirib, atrofni obodonlashtirishni boshlab yuborishdi.
– O`sha vaqtda ahvolimiz tang bo`lib, ishdan ko`nglimiz sovib turgandi, endi qo`llarimiz echildi, – deydi "Rubir plast farm" xususiy korxonasi rahbari Sherali O`rinov. – Bugun ruhimiz baland, jamuljam bo`lib, obodonlashtirish ishlarini olib boryapmiz. Korxonamizda Xitoydan uskunalar keltirib o`rnatganmiz. Hozirda farmasevtika sanoati uchun birlamchi – 40 turdagi butlovi qismlar ishlab chiqarayapmiz. Yana 20 turdagi import o`rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish mo`ljallanmoqda. Ana shunda hozirgi 70 ta ish o`rniga qo`shimcha yana 80 ta ish o`rni yaratiladi.
Erishilgan yutuqlar tahsinga loyiq. Biroq, bir masala bizni o`ylantirmoqda. Bu muammolarning echimi shu qadar oson ekan-ku. Ishlasa, ozgina to`g`ri fikr yuritilsa, barchasini hal etsa bo`lar ekan-ku. Shartmi, o`z vazifasini uddalay olmay yoki nimadir tama` qilib, boshqalarni ovora qilish?!






