O`zbekiston transport prokuraturasi tomonidan fuqaro M.Subxanovning “O`zbekiston havo yo`llari” MAKning Bangkok shahridagi xodimlari harakatlaridan norozi bo`lib yozgan arizasi atroflicha o`rganib chiqilgan.
"Fuqaro M.Subxanov o`z arizasida 2018 yil 11 iyul kuni “Bangkok-Toshkent” yo`nalishidagi reysga ro`yxatdan o`tganidan so`ng, uchib ketish zalida u aeroport ishchilari va “O`zbekiston havo yo`llari” MAKning Bangkok shahridagi xodimlari F.Sultonov va Sh.Burixodjaevlar tomonidan to`xtatilib, qo`l yuki ruxsat etilgan me`yordan ortiqligi sababli qo`shimcha to`lov amalga oshirish lozimligini, aks holda uni reysdan qoldirishlikni aytishganligini, u majburan 100 AQSh dollari to`laganligini, undan qo`shimcha to`lov undirilganidan norozi ekanligini bildirgan", - deyilgan xabarda.
Mazkur holat yuzasidan o`tkazilgan o`rganishda fuqaro M.Subxanovdan undirilgan qo`shimcha to`lov qonuniy undirilib, g`aznaga kirim qilinganligi, “O`zbekiston havo yo`llari” MAKning Bangkok shahridagi xodimlari F.Sultonov va Sh.Burixodjaevlar tomonidan qonun buzilishi holatlariga yo`l qo`yilmaganligi aniqlangan va bu haqida ariza muallifiga javob berilgan.






