1

“Bu gulshan soz ekan, soz, ustiga soz etgani keldik...”

Madaniyat 23.08.2018, 13:48
Teglar: Maqom-2018
“Bu gulshan soz ekan, soz, ustiga soz etgani keldik...”

El suygan taniqli hofiz Ma`murjon Uzoqov ijrosidagi “Bu gulshan soz ekan...” ashulasi ko`pchiligimizning sevimli taronamizga aylangan. Xalqimizning betakror madaniy merosi – maqom san`atini ham benazir gulshanga mengzash mumkin. 6-10 sentyabr kunlari Shahrisabzda o`tkaziladigan Xalqaro maqom san`ati anjumani esa “ustiga soz etgani” kelguvchilar bilan gavjum bo`lishi shubhasiz.

Maqom tarixidan

Ilk bor VII-VIII asrlarda xalq musiqasi negizi va mahalliy professional ijrochilik an`analarining rivoji yirik turkumli janrlar shakllanishiga olib keldi. Jumladan, Borbad ijodiga mansub “Husravoniy” turkumi. IX-X asrlarda maqomsimon cholg`u va ashula-cholg`u asar va turkumlar rivojlanadi. XI-XIII asrlardan boshlab, to XVII asrgacha Yaqin va O`rta Sharqda “Duvozdahmaqom” – 12 maqom turkumi keng tarqalib, musiqa amaliyotida qo`llanib keldi.

XVIII asrda Buxoroda yangi turkum – “Shashmaqom” uzil-kesil shakllandi. XIX asrda “Xorazm maqomlari” turkumi va Farg`ona-Toshkent maqom yo`llari vujudga keladi. Keyinchalik “Shashmaqom” va boshqa turkumlar asosida maqom asarlarining yangi uslublari va ko`rinishlari zamonaviy talqinda rivoj oladi.

Maqomchilik san`ati qonunlarini sharhlash, asoslash, musiqa nazariyasi va amaliyotiga oid masalalar IX asrdan boshlab musiqiy risolalarda o`z aksini topdi. Maqomlarni tartiblashda, muayyan tizimga tushirishda Urmaviy va Sheroziyning (XIII-XIV asr) xizmatlari katta.

XX asrda maqomchilik san`ati rivojlanib, etuk sozandayu xonandalar va bastakorlar ijodi va repertuarlaridan o`rin oldi. Ular zamonaviy nota yozuvlari orqali to`plamlar sifatida nashr etildi, ularni nazariy va amaliy o`zlashtirish ishlari amalga oshdi.

2007 yili Isoq Rajabovning “Maqomlar” nomli yirik risolasi YuNESKO tomonidan nashr etildi. 2003 yil noyabr oyida “Shashmaqom” YuNESKO tomonidan “Insoniyatning og`zaki va nomoddiy madaniy merosi durdonasi” deb tan olindi. 2008 yili umumjahon Reprezentativ ro`yxatiga kiritildi.

Rivoyat

Temuriylar davrida yashagan Xoja Abdulqodir Marog`iy, manbalarda zikr qilinishicha, Sohibqiron g`azabiga uchragach, bir qancha vaqt yolg`iz yashab, qalandarona hayot kechirdi.

Kunlar o`tdi. Sarkarda o`z lashkari bilan Iroqqa yurish qilish harakatiga tushdi. Bundan xabar topgan Abdulqodir Amirning qulog`iga etib boradigan bir nazm tuzishga qaror qildi. Shunday xayol bilan, u bir g`azal bitdi, uni bastaladi. So`ng temirchiga borib, shu kuy nag`malarini hosil qiluvchi har xil kattalikdagi qo`ng`iroqchalar yasatdi. Sarbon bilan kelishib, bu qo`ng`iroqchalarning qaysi tuyaga osilishi kerakligini ham kelishib oldi va kuyni bexato hosil qiladigan bir tartibda tuyalarga ostirdi. Karvon yo`lga chiqdi. Tuyalar harakatga kelib yura boshlagach, belgilab qo`yilganidek kuy chalina boshladi. Sohibqiron musiqa ilmidan xabardor edi, musiqani yaxshi tushunardi. Qo`ng`iroqchalardan taralayotgan bu yoqimli kuy Amirni befarq qoldirmadi. Bu kuy Iroq maqomi yo`lida yaratilgan bo`lib, uni bastakor “Amali tarona” deb atagan edi. Temur kuyga e`tibor qilar, kuy esa o`z ohangidan adashmasdi. Shunda u saroy musiqashunoslarining peshqadami bo`lib qolgan, ayni paytda bosh xonandalik vazifasida turgan va ushbu tadbirdan ogoh Xoja Abdulloh Loriyni huzuriga chorlab, unga dedi:

– Mug`anniy, eshityapsanmi, bu qo`ng`iroqchalar bir chiroyli kuy chiqarmoqda?

– Shohim, - dedi Loriy, - bir begunohning gunohidan kechsangiz, men buning sirini aytaman.

Amir:

– Bo`pti, men uning gunohidan kechdim, - dedi.

– Xoja Abdulqodir sizga o`zining sodiqligini izhor qilish niyatida “Iroq” maqomi yo`lida ushbu kuyni bastaladi, - dedi mehtar va Amir qoshida ana shu yangrab turgan kuy jo`rligida Abdulqodir yozib bergan yangi g`azalni kuylay boshladi:

Chun miravi so`yi Iroq faromusham nakun…

(Mazmuni: Iroq sari yo`lga chiqsang, meni unutma).

Natijada Amir Abdulqodirning sodiqligiga shubha qilmay, unga avvalgiday marhamatlar ko`rsata boshladi.

Maqom yo`nalishlari

O`zbek mumtoz musiqasini tashkil etuvchi maqom yo`nalishlari quyidagilardan iborat:

Yalla (maqomot janri asosida yaratilgan yallalar).

Katta ashula.

Buxoro “Shashmaqomi”.

Xorazm maqomlari.

Farg`ona-Toshkent maqom yo`llari.

O`zbek milliy maqom san`ati markazi

Markaz Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi “O`zbek milliy maqom san`atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida tashkil etildi.

Uning asosiy maqsadi o`zbek milliy maqom san`atini mukammal o`rganish, an`anaga mos targ`ib qilish, xalqimizni musiqiy merosimizning eng go`zal an`analaridan bahramand etishdan iborat.

O`zbek milliy maqom san`ati markazi tarkibida Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli faoliyat olib bormoqda.

Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli

O`zbekistonda dastlab ilk professional maqom ansambli folklorshunos, O`zbekiston xalq artisti, akademik Yunus Rajabiy tomonidan 1959 yili O`zteleradiosi qoshida tashkil etilgan.

Ansambl tomonidan 1960-1962 yillari “Shashmaqom” va “Toshkent-Farg`ona maqom yo`llari” turkumlariga kiruvchi cholg`u va asosan, ashula yo`llari ilk bora grammplastinkaga yozila boshlagan va nashr etilgan.

1976 yilda ansambl rahbari, akademik Yunus Rajabiy vafotidan so`ng O`zbekiston xalq artisti Orif Alimaxsumov, O`zbekiston san`at arbobi Shavkat Mirzaev, O`zbekiston xalq artisti G`anijon Toshmatov, O`zbekiston xalq hofizi Isroil Vahobov unga rahbarlik qilib keldilar. Ayni paytda ansambl rahbari – O`zbekiston xalq artisti, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi va ko`plab davlat mukofotlari sovrindori Abduhoshim Ismoilov.

Maqom ansambli a`zolari shu kunga qadar bir necha chet el mamlakatlarida ijodiy safarlarda bo`lib, o`z konsert dasturlarini namoyish qilib kelishgan. Uzoq yillar davomida bu dargohda etuk xonanda va sozandalar xizmat qilishgan.

Xalqaro maqom san`ati anjumani

Anjuman 2018 yildan boshlab, har ikki yilda bir marta Shahrisabz shahrida o`tkaziladi.

Anjuman doirasida quyidagi tadbirlar tashkil etiladi:

“Maqom musiqa san`atining jahon sivilizasiyasida tutgan o`rni” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya;

jahon va O`zbekiston maqomot san`ati ustalarining yakka konsertlari;

maqom ansambllari, xonanda va sozandalarning ko`rik-tanlovi;

sayillar, mamlakatimizning dunyoga mashhur shaxslari hayoti va ijodiy faoliyati xaqida zamonaviy va kreativ usulda sahnalashtirilgan dastur namoyishlari;

maqom san`ati tarixiga oid ko`rgazma, o`zbek, fors, arab, ingliz va rus tillarida nashr etilgan ilmiy-taqdimot asarlari hamda ilmiy-ma`rifiy adabiyotlar namoyishi.

Maqom muzeyi

O`zbek maqom san`ati mumtoz va zamonaviy ijro namunalarining fondini yaratish hamda muzey ashyolari va kolleksiyalarini ilmiy tadqiq qilish ishlarini kuchaytirish, uning natijalarini e`lon qilib borish Shahrisabzdagi muzey faoliyatining asosiy vazifalari sirasiga kiradi.

Taraddud

Ayni paytda anjumanga tayyorgarlik jarayonlari qizg`in tus olgan.

Xususan, anjumanning ramziy belgisi tasdiqlandi. Sovrindorlarga topshiriladigan diplom, sertifikat loyihalari, statuetka namunalari ishlab chiqildi.

Milliylikni o`zida aks ettiruvchi liboslar, aktyorlar joylashuvi va Oqsaroy hududi atrofida ularning yurishlarini tashkil etish, maydonlarni hududlar kesimida taqsimlash, ularga xos bo`lgan milliy urf-odat, an`ana va qadriyatlar aks etgan ssenariy va dasturlar loyihalari, mos musiqiy ketma-ketlik hamda videoroliklar tayyorlanmoqda. O`zbek, rus, ingliz tillarida “Maqom nima?” deb nomlangan kitob nashr etilmoqda.

Nuriddin EGAMOV tayyorladi.

Suratlarda: xalqaro maqom san`ati anjumaniga tayyorgarlik.

Jamshid NORQOBILOV

olgan suratlar.

Sharhlar

Maqom festivali Gran-prisini Tojikiston guruhi qo`lga kiritdi

11.09.2018, 11:37

Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom san`ati anjumani yakunlandi, deb xabar qilmoqda UzA.Xalqaro anjumanning so`ngi kunida yopilish marosimi va turli nominasiyalar bo`yicha g`oliblarni taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi....
Madaniyat vaziri Yaponiya san`at delegasiyasi bilan uchrashdi (foto)

10.09.2018, 19:54

Bugun, 10 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaev Koto musiqiy asbobi ijrochisi Ivamoto Kyoke rahbarligidagi Yaponiya san`at delegasiyasi bilan uchrashdi.Uchrashuv nihoyatda samimiy va...
Maqom – butun dunyoda e`tirof etiladigan san`at

08.09.2018, 19:10

Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom san`ati anjumani davom etmoqda. Unda dunyoning 73 davlatidan san`atshunos olimlar, mutaxassislar, xonanda va sozandalar, hukumat vakillari ishtirok etmoqda. O`zA muxbiri ularning...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1