Davlat xavfsizlik xizmati Farg`ona viloyati boshqarmasi hamda Chegara qo`shinlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirlar davomida chegarani noqonuniy buzgan holda tovar-moddiy boyliklarni yashirin yo`llar orqali o`tkazish bilan shug`ullanayotgan holatlar aniqlandi. Bu haqda «O`zA» xabar bermoqda.
Ma`lumki, rangli metallar parchalari va chiqindilarining O`zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketilishi taqiqlangan. Shunga qaramay, ayrim fuqarolar tomonidan mazkur metallarni respublikamizdan noqonuniy ravishda olib chiqib ketish holatlari uchramoqda. Quvasoy yo`nalishida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida Qirg`iziston Respublikasiga 9 qop jami 355 kilogramm mis olib o`tilayotganda ushlandi.

Shuningdek, shu kuni Farg`ona tumani yo`nalishida harakatlanayotgan davlat raqami 40 J 112 LA Lacetti avtomashinasi to`xtalib, xolislar ishtirokida ko`zdan kechirilgan 85 million so`mlik telefon apparatlari borligi aniqlandi.
Farg`ona tumanidan R. U. kollej talabasi 18 avgust kuni besh-olti nafar chegara buzg`unchilari bilan til biriktirgan holda Qirg`iziston Respublikasidan noqonuniy ravishda davlat chegarasidan olib o`tilgan 79 million so`mlik 46 dona 32 dyumli Yasin markali televizorlar, 50 quti 100 voltlik lampochkalarni o`z uyida saqlab kelgan. Ayni paytda jinoiy sheriklarini aniqlash maqsadida surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






