O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasining “Telegram”dagi @Qurolli_Kuchlar_Akademiyasi_bot nomli rasmiy botini ishga tushgan bo`lib, fuqarolar o`zining murojatlarini ushbu manzilga yuborishi mumkin. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati ma`lum qildi.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi akademiya-mudofaa.uz manzili bo`yicha rasmiy saytini ishga tushirdi.
Veb-sayt Qurolli Kuchlar Akademiyasi faoliyati ochiqligini ta`minlab, ta`lim muassasa hayotiga bog`liq tadbirlar va hodisalarni tezkorlik bilan yoritish, shuningdek, jamoatchilik bilan aloqalarni yaxshilashga xizmat qiladi.
Saytda akademiya rahbariyati, uning tuzilmasi va tarixi haqidagi axborotlar, bo`sh ish o`rinlari, harbiy-ilmiy ishlar haqida batafsil ma`lumotlar bilan tanishish mumkin.
Ayni vaqtda mazkur sayt sinov rejimida faoliyat ko`rsatmoqda.
Qurolli Kuchlar akademiyasiga ekskursiya uyushtirishni istagan o`quvchi yoshlar guruhlari uchun ham yangi imkoniyat paydo bo`ldi. Endi tashrif buyuruvchilarning arizalari “Telegram” kanali hamda saytdagi elektron manzillar orqali qabul qilinadi.
Ta`kidlash joizki, o`tgan yillar davomida eng yopiq deb hisoblanib kelgan Mudofaa vazirligi 2017 yilda mudofaa.uz rasmiy veb-saytini, 2018 yilda esa “Telegram”da https://t.me/mudofaa_press kanali hamda ommabop ijtimoiy tarmoq hisoblangan “Facebook”da “Mudofaa_Press” rasmiy sahifasini ishga tushirdi.