O`zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov joriy yilning 24 avgust kuni Qirg`izistonning Cho`pon-ota shahrida bo`lib o`tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar adliya vazirlarining oltinchi majlisida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi.
Majlis Qirg`iziston Respublikasi adliya vaziri vazifasini bajaruvchi Maksatbek Esenaliev raisligida bo`lib o`tdi.
Majlis ishida, shuningdek, Hindiston Respublikasi huquq va adliya vaziri o`rinbosari S.Chandra, Qozog`iston adliya vaziri M.Beketaev, Xitoy Xalq Respublikasi adliya vaziri o`rinbosari Yuan Shuxung, Pokiston Islom Respublikasining Qozog`istondagi elchisi Imtiyoz Ahmad Qozi, Rossiya adliya vaziri A.Konovalov va Tojikiston adliya vaziri R.Shohmurod ham qatnashdi.
Tadbirda kuzatuvchilar sifatida Afg`oniston adliya vaziri Abdul Basir Anvar, Belarus adliya vaziri O.Slijevskiy, Eron adliya vaziri S.Avayi, Mo`g`uliston adliya va ichki ishlar vaziri N.Send qatnashdi.
Majlisda R.Davletov mamlakatimizda 2017–2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan va qonun ustuvorligini ta`minlash, qonuniylikni mustahkamlash hamda fuqarolar huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng ko`lamli islohotlarga bag`ishlangan ma`ruza bilan chiqish qildi.
O`z ma`ruzasida adliya vaziri yaqinda qabul qilingan Prezident farmoni asosida O`zbekiston Adliya vazirligi faoliyati tubdan isloh qilinayotgani, unda davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda alohida o`rin berilgani haqida ma`lumot berdi.
Xususan, u adliya tarixida ilk bor tuman (shahar) bo`linmalari, Davlat xizmatlari agentligi va uning joylardagi tarkibiy bo`linmalari hamda Adliya vazirligi huzurida Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tashkil etilganini qayd etdi.
U notariat, advokatura va FHDYo organlari sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan notarial harakatlarni «yagona darcha» tamoyili asosida tasdiqlashni ko`zda tutuvchi faol notariatning yangi modeli, fuqarolik holati dalolatnomalarini raqamlashtirish bo`yicha ishlar boshlab yuborilgani, jamiyatda advokatlar mavqeini oshirish, advokatlik lisenziyasini olmasdan turib konsalting xizmatlarini ko`rsatish imkoniyati paydo bo`lganini alohida ta`kidladi.
Adliya vazirliklarini xalqaro xavfsizlikning zamonaviy tahdidlariga qarshi kurashdagi roli haqida so`zlar ekan, u insonlar, xususan, yoshlar ongi uchun kurashni muhim vazifa sifatida qayd etdi va fuqarolarimizda ekstremistik faoliyat g`oyasiga qarshi samarali immunitetni shakllantirish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish orqali barchani ularning asoratlari bilan emas, balki sabablari bilan kurashishga urg`u berishga chorladi.
Majlis yakunlari bo`yicha adliya vazirlari tomonidan ShHTning 2025 yilgacha rivojlanish Strategiyasiga muvofiq adliya vazirliklari o`rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishni ko`zda tutuvchi Qo`shma bayonot imzolandi.