O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan mudofaa vazirining buyrug`iga asosan xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo`lgan harbiy xizmatchilarning oila a`zolariga moddiy yordam puli to`lanadi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati ma`lum qildi.
Ushbu buyruq O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma etti yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida»gi 2018 yil 28 iyundagi qaroriga ko`ra, «Vatan fidoiy farzandlarini unutmaydi!» shiori ostida amalga oshirilishi ko`zda tutilgan tadbirlarning ijrosini ta`minlash hamda xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo`lgan harbiy xizmatchilarning xotiralarini yod etish, ularning oila a`zolariga yuksak ehtirom, mehr-muruvvat hamda moddiy va ma`naviy yordam ko`rsatish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Buyruqqa ko`ra, xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo`lgan harbiy xizmatchilarning oila a`zolariga moddiy yordam uchun ajratilgan pul mablag`lari joylarda mas`ullar tomonidan topshirilmoqda.






