QHTBT portalida alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilishni tartibga solishga yo`naltirilgan hukumat qarori loyihasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda Norma ma`lum qildi.
Loyiha bilan quyidagi chora-tadbirlar taklif etilmoqda.
Birinchidan, savdo ob`ektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarida soat 21:00 dan 9:00 ga qadar alkogolli mahsulotlarni sotishga yo`l qo`ymaslik.
Ikkinchidan, alkogolli mahsulotlarni quyib savdo qilishni faqat umumiy ovqatlanish korxonalarida alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish huquqini beradigan ruxsat guvohnomasi asosida amalga oshirish.
Uchinchidan, ko`ngilochar savdo ob`ektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarida xizmat ko`rsatishni soat 23:00 dan boshlab to`xtatish. Toshkent shahrining boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish bo`yicha «yo`l xaritasi»da (18.08.2018 yildagi PF–5515-son) umumiy ovqatlanish va savdo shoxobchalariga soat 23:00 dan keyin alohida oylik haq evaziga faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun ruxsatnoma berish tartibi joriy etilishi nazarda tutilgan. Bu haqdagi normativ-huquqiy hujjat 2018 yil 15 oktyabrgacha qabul qilinishi kerak.
Bunda spirtli mahsulotlarni sotish va xizmatlar ko`rsatish vaqtiga doir cheklovlarni quyidagi savdo ob`ektlari va umumiy ovqatlanish korxonalariga nisbatan tatbiq etmaslik taklif etilmoqda:
- mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalari tarkibida tashkil etilgan;
- maxsus turizm zonalari – erkin va kichik turizm zonalari, turizm zonalari va turizm klasterlarida faoliyat yurituvchi;
- «Tourist friendly» tizimi orqali sertifikatlangan.
Shuningdek alkogolli mahsulotlar savdo qilinadigan savdo ob`ektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarini texnik qo`riqlash vositalari, yong`indan darak beruvchi, qo`riqlash signalizasiyalari va videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash hamda IIOning texnik qo`riqlash punktlariga ulash choralarini ko`rish rejalashtirilmoqda.
Loyiha o`zgartirilishi, unga qo`shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.






