Qurbon hayitini 4 oktyabr kuni nishonlash to`g`risidagi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori O`zbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy saytida e`lon qilindi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori:
Muborak Qurbon hayitining xalqimiz ma`naviy hayotidagi o`rni va ahamiyatini e`tiborga olib, milliy-diniy qadriyatlarimizni saqlash va ulug`lash maqsadida hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Diniy bayram – Qurbon hayitini dam olish kuni deb e`lon qilish haqida»gi 1991 yil 20 iyundagi PF-221-son Farmoniga muvofiq:
1. O`zbekiston musulmonlari idorasining joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 4 oktyabr shanba kuniga to`g`ri kelishi haqidagi murojaatini inobatga olib, 2014 yil 4 oktyabr dam olish kuni deb belgilansin va mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.
2. Respublika «Nuroniy», «Mahalla» jamg`armalari va boshqa barcha mutasaddi idora, jamoat tashkilotlari Qurbon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda o`tishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.
3. O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O`zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog`liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov
Toshkent shahri, 2014 yil 26 sentyabr





