O`zbekiston Respublikasida madaniyat va san`at sohasini innovasion rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq Muzeylar renovasiya dasturi eksperiment sifatida amalga oshiriladi.
Dastur quyidaglarni nazarda tutadi:
- o`zini o`zi ta`minlash prinsipiga asoslangan muzeylarni moliyalashtirish modelini joriy etish;
- “smart”-texnologiyalarni (axborot do`konchalari, 3D vizualizasiya va gologramma, QR-kodlar, chet tillaridagi elektron gidlar va hokazolarni) joriy etish;
- Internet tarmog`idan foydalangan holda muzey eksponatlarining raqamli shakllarini yaratish orqali muzey eksponatlarini ko`rish imkonini beradigan infratuzilmani yaratish;
- muzeylarning ijtimoiy makonga to`liq integrasiyalashuvini ta`minlash;
- muzeylarda imkoniyatlari cheklangan shaxslar, keksa yoshdagi tashrif buyuruvchilar, maktabgacha yoshdagi bolalar va ularga hamrohlik qilayotgan shaxslarga xizmat ko`rsatish va qulaylik yaratishning inklyuziv uslublaridan keng foydalanish;
- muzeylarda akademik tadqiqotlarni rivojlantirish.
Renovasiya dasturi O`zbekiston amaliy san`at muzeyida (Toshkent shahri), I.Saviskiy nomidagi Qoraqalpog`iston Respublikasi davlat san`at muzeyida (Nukus shahri) va Oybekning uy-muzeyida (Toshkent shahri) amalga oshiriladi.
2018–2020 yillarda O`zbekiston Respublikasida madaniyat va san`at sohasini innovasion rivojlantirish “yo`l xaritasi” tasdiqlandi.
“Mesenatlik faoliyati va madaniy homiylik to`g`risida”gi Qonun ishlab chiqiladi. Unda jumladan, madaniyat va san`at muassasalariga yordam ko`rsatuvchi mesenatlar va homiylarga soliq imtiyozlari (chegirmalar) taqdim etish nazarda tutiladi.
Madaniyat va san`at muassasalarida blokcheyn texnologiyasidan foydalangan holda Chipta operasiyalarining yagona elektron tizimi joriy etiladi.
Chipta operasiyalarining yagona elektron tizimiga ulangan respublika madaniyat va san`at muassasalari tomonidan chiptalarni sotish, hisobga olish va tasdiqlash avtomatik tizimlaridan majburiy foydalaniladi.