Xabaringiz bor, bugun «Umumjahon yoshlarni rivojlantirish forumi» ijrochi Prezidenti Si Lyu xonim boshchiligidagi Xitoy delegasiyasi O`zbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quranbaev xitoylik mehmon bilan amaliy muzokara olib bordi. Do`stona ruhda o`tgan uchrashuvda yoshlar siyosatiga oid muhim masalalar muhokama qilindi. Tez kunlarda O`zbekiston-Xitoy biznes inkubatorlari, yoshlar savdo markazi ishga tushadi, yoshlar turizmi rivojlantiriladi.
Ta`kidlash joizki, bu O`zbekiston yoshlar ittifoqi delegasiyasining 2018 yil 15-22 iyul kunlari amalga oshirgan safarining dastlabki mevalaridan biridir. Jahonning eng rivojlangan davlatlari qatoridan mustahkam o`rin egallagan Xitoy Xalq Respublikasi bilan yoshlar masalasidagi hamkorlik o`z natijasini berishi, o`zbek yoshlarining butun dunyo darajasida o`z imkoniyatlarini namoyon etishlarida alohida ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Ertaga «Umumjahon yoshlarni rivojlantirish forumi» ijrochi Prezidenti Si Lyu xonim boshchiligidagi delegasiya O`zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan Respublikaning Farg`ona, Xorazm, Buxoro viloyatlaridagi «Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo`llab-quvvatlash to`g`risida»gi PF-5106-sonli Farmonida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi, yoshlar masalalariga qaratilgan islohotlar, yangiliklar va yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtiriladi.
Jumladan, Marg`ilon shahridagi «Hunarmandchilikni rivojlantirish markazi» va «Ibrohimjon gilamlari» xususiy korxonasiga sayohat, Rishton tumanidagi yosh hunarmandlar ijodiy ko`rgazmasi, Farg`ona shahridagi «Yosh tadbirkorlar» kovorking mazkaziga tashrif uyushtiriladi.






