Buxoro viloyatidagi “To`maris” nomini olgan yangi gaz kondensat konidan kuniga 300-400 ming kub metr debitiga ega tabiiy gaz va kondensat oqimini olishga erishildi. Bu haqda “O`zbekneftgaz” matbuot xizmati xabar berdi.
Gazni birinchi qidiruv qudug`ini sinash vaqtidayoq olishga erishildi. Ushbu quduqning chuqurligi 2028-2020 metrni tashkil etib, u Yuqori yura qatlamida joylashgan.
“To`maris”hududidagi yangi gaz kondensat koni esa O`zbekiston va Turkmaniston davlat chegarasi yaqinidagi Romitan tumanida joylashgan. Ushbu kon O`zbekiston Respublikasi prezidentining 3 noyabr 2017 yildagi PQ-3372 “2017-2021 yillarda “O`zbekneftgaz” AJ bo`yicha mineral va xom-ashyo bazasini rivojlantirish va ishlab chiqish Davlat dasturini tasdiqlash” qaroriga muvofiq amalga oshirilayotgan geologik qidiruv ishlari doirasida ochilgan.
Kon maydoni 13 kvadrat kilometrni tashkil qilib, 2017 yilda qidiruv burg`ilash ishlarini olib borish uchun tayyor holga keltirilgan. S3 toifasi bo`yicha istiqbolli resurslar 5,2 milliard kub metr tabiiy gaz va 131 ming tonna gaz kondensati hajmida baholangan.
Yaqin vaqtda birinchi qidiruv qudug`ida qatlam parametrlarini aniqlash uchun gaz kondensat tekshiruvi o`tkaziladi.
“To`maris” koni hududida qidiruv ishlari davom ettiriladi. Xususan, uglevodorod konlarini aniqlash maqsadida ikkinchi va uchinchi qidiruv quduqlarini burg`ilash ishlari olib boriladi.






