“Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlanganim haqidagi xabarni eshitganimda Samarqandda, o`zim tug`ilib o`sgan Narpay tumanida edim...
Xushxabarning qanoti bor, deganlari rost ekan. Bir, ikki soat oralig`ida otamning hovlisi tabriklovchilarga to`lib ketdi. Ular orasida menga o`qish va yozishni o`rgatib, qalbimga ziyo baxsh etgan keksa o`qituvchilar, odamiylikdan saboq bergan hamqishloqlarim, bolalikda og`ir kasal bo`lib qolganimda davolagan qishloq vrachi Ibrohim Qayumovning, meni fan olimpiadalariga tayyorlagan Ro`zibuvi opaning, men uchun atayin Samarqand shahriga borib kitoblar olib kelib bergan Hamdam tog`amning, men bilan bir sinfda o`qigan sinfdoshlarimning, ayniqsa, ilhomim parilari qishlog`im ayollarining borligi g`oyat quvonchli edi...
Qishlog`imiz odamlarining ommaviy axborot vositalarini diqqat bilan kuzatayotgani, Prezidentimizning el-yurt manfaatini o`ylab chiqarayotgan farmon va qarorlarini katta mamnuniyat bilan kutib olayotganliklari, bu g`amxo`rliklarga munosib javob qaytarib, baxtli kunlar shukronasi ila yashayotganligini ko`rish men uchun juda yoqimli edi.
“Insoniyat baxtiga bag`ishlangan nutq” deb, nomlangan essemda Sa`diy Sheroziyning “Egam elga baxsh etsa baxt, karvoniga yo`l ochgay” degan satrlarini keltirganman. Xuddi shunday Olloh elimizga baxt baxsh etib, karvoniga yo`l ochdi. Yo`lga chiqqan bu karvondagi ulkan xazinaga ko`z tikkanlar, termulganlar ko`p. Bu mashaqqatli va sharafli yo`lda uyg`oqlar safida bo`lish men uchun ham qarz, ham farz.
Yurtimizda kechayotgan buyuk uyg`onishga baholi qudrat hissa qo`shayotganimdan saodatliman. Mukofotdan ko`nglim tog`dek ko`tarildi.
Zulfiya Mo`minova,
O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, shoira,
“Mehnat shuhrati” ordeni sohibi.
O`zA






