2018 yil 29 avgust kuni Adliya vazirligida adliya vaziri o`rinbosari A.Tashkulovning Xalqaro ta`lim bo`yicha Amerika kengashlarining O`zbekistondagi vakolatxonasining davlat ro`yxatidan o`tganligi haqidagi guvohnomani tantanali topshirish tadbiriga ishtirok etish uchun kelgan AQShning O`zbekistondagi elchisi Pamela Spartlen bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Ma`lumki, 2018 yil 15-18 may kunlari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev AQShga rasmiy tashrif buyurdi.
Tashrif chog`ida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev AQSh prezidenti Donald Tramp bilan tor va keng doirada o`tkazilgan muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinishi bilan birga kelgusida ikki davlatlar o`rtasida ta`lim sohasida ham o`zaro hamkorlikni yo`lga qo`yishda munosib hissa qo`shishga qaratilgan Xalqaro ta`lim bo`yicha Amerika kengashlarining O`zbekistonda tashkil etilishi ijobiy qabul qilindi. O`z navbatida mazkur masala bo`yicha AQSh prezidenti D.Tramp O`zbekistonda ingliz tililini o`qitish bo`yicha dasturlarni amalga oshirishda AQSh tomonidan yaqindan amaliy yordam berilishi haqida ishontirgan.
Ustavga muvofiq ushbu tashkilotning asosiy maqsadi:
- Amerika Qo`shma Shtatlari fuqarolari bilan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari o`rtasida o`zaro hamkorlikni va yakdillikni mustahkamlash;
- Talabalar, magistrantlar va o`qituvchilar uchun xalqaro ta`lim almashinuvlari va amaliyotlarini tashkil etish;
- Amerika ta`limi dasturlari bo`yicha tadbirkorlik, innovasion texnologiyalarga bevosita aloqadar bo`lgan mutaxassislarni jalb etgan holda universitetlarning o`zaro hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish.
P.Spartlen O`zbekiston va AQSh o`rtasida yuqori darajada yo`lga qo`yilgan hamkorlikni e`tirof etib, uning mamlakatiga buyurilgan oliy darajadagi tashrif yakunlari bo`yicha erishilgan hamma kelishuvlar so`zsiz amalga oshirilayotganligi alohida ta`kidlab, vakolatxonaning ro`yxatdan o`tkazishida ko`rsatilgan ko`mak uchun o`z minnatdorchiligini bildirdi.
Shu bilan birga tadbir jarayonida ishtirok etgan vakolatxona ishonchli vakillari tomonidan kelgusida Vakolatxonaning faoliyati ikki tomonlama munosabatlarning mustahkamlanishiga hamda O`zbekiston va AQSh o`rtasida ta`lim sohasida samarali huquqiy asos yaratishi ta`kidlandi.