1

Emomali Rahmon Shavkat Mirziyoevni Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi

Siyosat 30.08.2018, 10:49
Emomali Rahmon Shavkat Mirziyoevni Mustaqillik bayrami bilan tabrikladi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoev Janobi Oliylariga

Qadrli Shavkat Miromonovich!

Tojikiston xalqi nomidan va shaxsan o`z nomimdan Sizni va Siz orqali butun qardosh O`zbekiston xalqini O`zbekiston Respublikasining milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan chin yurakdan muborakbod etish va eng ezgu tilaklarimni bildirish menga katta mamnuniyat bag`ishlaydi.

Siz olib borayotgan uzoqni ko`zlagan siyosat hamda mamlakat hayotining iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalaridagi muhim yangilanishlar bugun o`z natijalarini berib, O`zbekistonning xalqaro maydondagi obro`sini muttasil yuksaltirmoqda.

O`zbekiston bilan minglab do`stlik rishtalari orqali bog`langan Tojikiston yaqin qo`shni sifatida ushbu muvaffaqiyatlardan xursand bo`lmoqda.

Xalqlarimizni madaniy-ma`naviy yaqinlik, o`zaro manfaatlarni hurmat qilish, tinchlik va totuvlikka asoslangan ko`p asrlik do`stlik va yaxshi qo`shnichilik tajribasi bog`lab turadi.

O`zbekiston bilan munosabatlar Tojikiston tashqi siyosatining hamisha asosiy ustuvor yo`nalishi bo`lgan va shunday bo`lib qoladi.

Biz Tojikiston bilan O`zbekiston o`rtasidagi ko`p qirrali sheriklikning ochiq va konstruktiv muhitidan, shuningdek, hamkorligimiz xalqlarimiz va butun mintaqamiz manfaatlari yo`lida izchil rivojlanib borayotganidan g`oyat xursandmiz.

Bunda, hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizning shaxsiy hissangizni yuksak qadrlaymiz.

Yaqinda go`zal mamlakatingizga davlat tashrifim davomida Siz bilan bo`lib o`tgan samarali uchrashuvlarimizni, tarixiy hujjat – Strategik sheriklik to`g`risidagi shartnoma imzolaganimizni alohida iliqlik bilan eslayman.

Ishonchim komil, ushbu tashrif doirasida imzolangan hujjatlar, shuningdek, iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida qator keng miqyosli qo`shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan kelishuvlarimizning ro`yobga chiqishi mamlakatlarimizning uzoq muddatli istiqbolga mo`ljallangan samarali hamkorligiga yangi va kuchli sur`at bag`ishlaydi.

Fursatdan foydalanib, bundan buyon ham Siz bilan birgalikda mamlakatlarimiz o`rtasidagi azaliy do`stlik an`analari va o`zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga barcha kuchlarni yo`naltirishga tayyor ekanimni bildiraman.

Birgalikdagi sa`y-harakatlarimiz natijasida mamlakatlarimiz munosabatlari Tojikiston va O`zbekiston xalqlari farovonligi yo`lida bundan-da mustahkamlanishiga ishonaman.

Ushbu qutlug` bayram kunlarida Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog`lik, mamlakat ravnaqi yo`lidagi rejalaringiz va intilishlaringiz ro`yobida katta zafarlar, qardosh O`zbekiston xalqiga esa tinchlik, baxt-saodat va farovonlik tilayman.

Hurmat bilan,

Emomali Rahmon,
Tojikiston Respublikasi Prezidenti

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1