1

Xorijlik ishbilarmonlar, davlat va jamoat arboblariga O`zbekiston davlat mukofotlari topshirildi

Siyosat 31.08.2018, 14:49
Xorijlik ishbilarmonlar, davlat va jamoat arboblariga O`zbekiston davlat mukofotlari topshirildi

31 avgust kuni mamlakat tarixida birinchi marta chet elliklarga O`zbekiston Respublikasining davlat mukofotlarini topshirishga bag`ishlangan tantanali marosim bo`lib o`tdi. Unda prezident Shavkat Mirziyoev nutq so`zladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar tarqatdi.

– Bugun ko`pmillatli xalqimiz O`zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 27 yilligini keng nishonlamoqda, – dedi Prezident. – Ushbu shonli tarixiy sanani biz bilan birgalikda mamlakatimizning chet ellardagi ko`p sonli do`stlari va sheriklari – davlat va jamoat arboblari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar, yirik xorijiy kompaniyalar va moliya institutlari vakillari bayram qilayotgani bizni quvontiradi.

Harakatlar strategiyasiga muvofiq O`zbekiston faol va ochiq tashqi siyosat yuritmoqda. Rossiya, Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya, Germaniya, Yaponiya, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlar bilan o`zaro manfaatli aloqalar jadal rivojlanmoqda. Jahonning etakchi kompaniyalari, bank va konsorsiumlari, xalqaro biznes tuzilmalari mamlakatimiz bilan faol hamkorlik qilmoqda.

– Biz sheriklarimizning O`zbekiston iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishga, yirik qo`shma loyihalarni amalga oshirishga, ijtimoiy va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qo`shayotgan katta hissasini yuksak qadrlaymiz, – dedi davlat rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoev taniqli hamyurtimiz, Rossiyaning “USM Holding” aksiyadorlik jamiyati ta`sischisi va rahbari Alisher Usmanovga “El-yurt hurmati” ordeni, Rossiyaning “LUKOYL” ochiq aksiyadorlik jamiyati prezidenti Vagit Alekperov hamda Germaniyaning “KNAUF” korxonalari guruhi ishtirokchilari Kengashi a`zosi Nikolaus Knaufga “Do`stlik” ordenlarini topshirdi.

Shuningdek, Tojikiston Respublikasi bosh vaziri Qohir Rasulzoda, tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinga “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari topshirildi. O`zbekiston bilan Tojikiston xalqlari o`rtasidagi do`stlik munosabatlarini mustahkamlashga katta hissa qo`shgan madaniyat, fan va sog`liqni saqlash sohalari vakillariga farmonga muvofiq orden va faxriy unvonlar berildi.

– Bunday marosim mamlakatimiz tarixida birinchi marta o`tkazildi. O`ylaymanki, hamjihatligimiz, bag`rikengligimiz ifodasi bo`lgan bu tadbir an`anaga aylanib qoladi. O`zaro manfaatli hamkorligimiz bundan buyon ham rivojlanib, samimiy do`stligimiz va o`zaro anglashuvimiz xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi, – deya ta`kidladi Shavkat Mirziyoev.

Mukofotlanganlar yuksak e`tibori, xorijlik investorlarni qo`llab-quvvatlayotgani uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1