Mustaqillikning 27 yilligi arafasida Andijon viloyatida joylashgan Xartum konidagi 83-sonli quduqdan neft qazib olish boshlandi. Bu haqda O`zbekneftgaz AJ matbuot xizmati xabar berdi
Ushbu quduqning neft debiti kuniga 30 kub metrni tashkil qilmoqda. Quduq zamonaviy texnologiyalarni qo`llash yordamida burg`ilangan bo`lib, ularing yordamida neft va gaz quduqlarini burg`ilash jarayoni tez va sifatli amalga oshirilmoqda.
Taqqoslaydigan bo`lsak, 82-sonli quduqning qurilishi 2006-2007 yillarda 18 oy davom etgan bo`lsa, yuqori texnologiyalarni joriyetish va qo`llash natijasida burg`ilangan 83-sonli quduq uchun bor yo`g`i 3 oy sarflangan. Bu qurilish jarayonining 600% tezlashgani demakdir.
Bunday natijaga erishishda O`zbekneftgaz AJ, ERIELL Oilfield Services Middle East DMCC kompaniyasi va Xitoyning Xibu kompaniyasi mutaxassislarining birgalikda olib borgan nazorati va amalga oshirgan harakatlarining hissasi katta.
Yaqin kelajakda, qo`shimcha 3-4 quduqning burg`ilanishi ko`zlangan. Undan maqsad, paleogen yotqizig`ining 8-qatlamidan neftni qazib olishni ko`paytirish, hamda 4300 metrgacha chuqurlikda joylashgan gazli qatlamlarni baholash uchun yana bir quduqni burg`ilashdir.
Shuni ham aytib o`tish kerak, Mustaqillik bayramini nishonlash munosabati bilan O`zbekneftgaz AJ Andijon viloyatida joylashgan bolalar uyiga sovg`alar taqdim etdi. Ushbu go`sha to`rt yoshgacha bo`lgan 53 nafar bolani o`z bag`riga olgan. Bundan tashqari, bayram kunlari Andijondagi maxallardan birida 250 kishiga mo`ljallangan an`anaviy bayramona osh qilinadi.






