Kuni kecha «Potrebitel.uz» jamoatchilik guruhida Sergeli tumanidagi avtobekatda keksa yoshdagi ayolning nochor ahvolda ko`chada yotgani aks etgan suratlar tarqaldi. Bu holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining keng bahs-munozaralariga sabab bo`ldi.
Mazkur vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida O`zbekiston xotin-qizlari qo`mitasi tomonidan ayolning oldiga mutaxassislar guruhi yuborildi.
Ma`lum bo`lishicha, 68 yoshli Nuriya Miklyudova farzandlarining uyini sotib, Rossiyaga ko`chib ketganliklari sabab doimiy yashash joyidan mahrum bo`lib, ko`chada qolgan.
Tibbiy tekshiruvlardan so`ng ayol Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining kardiologiya bo`limiga yotkizilgan.
Mazkur vaziyat O`zbekiston Respublikasi xotin-qizlar qo`mitasi, shuningdek Toshkent shahar Sergeli tumun hokimi o`rinbosari tomonidan nazoratga olingan.
Tezkor tibbiy yordam olganidan so`ng ayolni sog`lomlashtirish uchun boshqa kasalxonaga o`tkazishadi hamda uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari tiklanib, doimiy uy-joy bilan ta`minlanishi bo`yicha zaruriy choralar ko`riladi.






