«Taraqqiyot strategiyasi» markazi direktori Akmal Burxanov 28-31 avgust kunlari yurtimizga tashrif buyurgan Nagoya universiteti prezidenti Masuo Seyiti va Nobel mukofoti laureati Ryodzi Noyori bilan uchrashdi.
Markaz matbuot xizmati xabariga ko`ra, Yaponiya delegasiyasi vakillari va Nagoya universitetining o`zbekistonlik bitiruvchilari ishtirokida tashkil etilgan uchrashuv davomida A.Burxanov O`zbekistonda qabul qilingan 2017-2021 yillarga mo`ljallangan Harakatlar strategiyasi va uning bajarilishi haqida ma`lumot berib, hamkorlikda qo`shma loyihalarni amalga oshirish tashabbusini berdi.
O`z navbatida, Nagoya universiteti prezidenti Masuo Seyiti hamda professor Ryodzi Noyori O`zbekistonda oliy ta`lim sohasini yanada takomillashtirishga ko`maklashishga va bunda universitetning etakchi mutaxassis va ekspertlari qo`shma loyihani qo`llab-quvvatlash uchun jalb qilishga tayyorligini bildirdilar.






