1

Incheon-2014. Engil atletikachimiz yana ikkita kumush medalga sazovor bo`lishdi

Sport 02.10.2014, 12:39
Incheon-2014. Engil atletikachimiz yana ikkita kumush medalga sazovor bo`lishdi

Janubiy Koreyaning Incheon shahrida davom etayotgan XVII yozgi Osiyo o`yinlarida mamlakatimiz engil atletikachilari delegasiyamiz hisobiga yana ikkita kumush medalga sazovor bo`lishdi. Bu haqda  O`zbekiston milliy olimpiya qo`mitasi matbuot xizmati xabar beradi.

Bunga qadar bitta oltin (Ekaterina Voronina) va bitta bronza (Yuliya Tarasova) medaliga sazovor bo`lgan engil atletikachilarimiz bugun o`nkurash musobaqalarining yakunlariga ko`ra yana ikkita kumush medalni qo`lga kiritdilar. O`nkurash musobaqalarining ikkinchi kunida sportchilar 110 metr masofaga to`siqlar osha yugurish, disk uloqtirish, langarcho`pda balandlikka sakrash, nayza uloqtirish va 1500 metr masofaga yugurish musobaqalarida ishtirok etishdi.

Dastlabki kungi musobaqalardan so`ng erkaklar orasida peshqadamlik qilayotgan hamyurtimiz Leonid Andreev 110 metr masofaga to`siqlar osha yugurishda 14.95 soniya natija bilan uchinchi, disk uloqtirishda 43.85 metr natija bilan to`rtinchi, langarcho`pda balandlikka sakrashda 5 metr natija bilan birinchi, nayza uloqtirishda 60.05 metr natija bilan ikkinchi o`rinlarni band etdi. Afsuski, musobaqada olgan jaroxati tufayli Leonid Andreev 1500 metr masofaga yugurish musobaqalarida kutilgan natijani qayd eta olmadi. Biroq, shunga qaramay aksariyat mutaxassislar og`ir jarohat olganligiga qaramay, musobaqalarni oxiriga qadar davom ettirishga o`zida kuch topdi va barchani lol qoldirdi.

Shu tariqa, Leonid Andreev o`zining medallar kolleksiyasini Osiyo o`yinlarining uchinchi kumush medali bilan boyitdi. Bunga qadar tajribali sportchimiz 2006 yili Doha (Qatar)da, 2010 yili esa Guanchjou (Xitoy)da bo`lib o`tgan Osiyoning eng yirik sport musobaqasida kumush medal sohibi bo`lgan.

Yana bir kumush medalga Aleksandra Kotlyarova sazovor bo`ldi. Uch xatlab sakrash musobaqalarida Vatanimiz sharafini himoya qilgan Aleksandra 14 metr 05 santimetr natija qayd etib, ikkinchi o`rinni egalladi (2010 yili Guanchjouda bo`lib o`tgan Osiyo o`yinlarida Aleksandra Kotlyarova 4-o`rinni egallagan edi).

Bugun engil atletikachilarimiz, shuningdek, 100 va 400 metr masofaga to`siqlar osha yugurish bahslari o`tkazildi. Valentina Kibalnikova 100 metrga to`siqlar osha yugurishning final bosqichida 13.47 soniya natija ko`rsatib, beshinchi o`rinni egallagan bo`lsa, 400 metr masofaga to`siqlar osha yugurishda Natalya Asanova 1:00,42 natija bilan 8-o`rinni band etdi. Uch xatlab sakrash bahslarida ishtirok etgan yana bir tajribali sportchimiz Anastasiya Juravleva 13.64 sm. natija bilan ettinchi o`rinni, o`nkurash musobaqalarida qatnashgan Marat Xaydarov esa 8-o`rinni egalladi.

Ayni paytga kelib O`zbekiston sportchilari hisobida 8 ta oltin, 11 ta kumush va 14 ta bronza medallari mavjud bo`lib (shundan 6 ta oltin, 9 ta kumush, 12 ta bronza medalini erkaklar - 2 ta oltin, 2 ta kumush, 2 ta bronza medalini xotin-qizlar qo`lga kiritishdi), umumjamoa hisobida delegasiyamiz 9-o`rinda bormoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1