1

Shavkat Mirziyoev xorijiy davlatlar elchilarining ishonch yorliqlarini qabul qildi

Siyosat 07.09.2018, 09:19
Shavkat Mirziyoev xorijiy davlatlar elchilarining ishonch yorliqlarini qabul qildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 6 sentyabr kuni Belarus Respublikasi, Malayziya hamda Turkmanistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Leonid Marinich, Xendi Assan va Yazguli Mammedovdan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Bu haqda davlat rahbarining veb-sayti xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbari elchilarni mamlakatimizda diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy tabriklab, ularga ushbu sharafli va mas`uliyatli vazifada ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

Inson manfaatlari oliy qadriyat hisoblangan mamlakatimizda barcha sohalarda bozor iqtisodiyotiga asoslangan demokratik davlat barpo etish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilayotgani alohida ta`kidlandi.

Bunday tarixiy o`zgarishlarning muhim samaralari tashqi siyosatda ham yaqqol ko`zga tashlanayotgani qayd etildi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan do`stlik munosabatlarini mustahkamlash va strategik sheriklikni yo`lga qo`yish natijasida mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit shakllandi, o`zaro ishonch va yaxshi qo`shnichilik munosabatlari mustahkamlandi, manfaatli va konstruktiv hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar ko`paymoqda.

O`zaro savdo-iqtisodiy, investisiya, kooperasiya, madaniy-gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda.

O`zbekistonning jahondagi ko`plab mamlakatlar, jumladan, etakchi davlatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar bilan aloqalari sifat jihatdan yangi, yuqori bosqichga ko`tarildi.

Prezidentimiz o`z nutqida yangi elchilar vakili bo`lgan davlatlar bilan do`stlik va amaliy hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish istiqbollariga to`xtalib o`tdi.

Mamlakatimizda Belarus Respublikasi bilan har tomonlama sheriklikni izchil kengaytirishga muhim ahamiyat qaratilayotgani ta`kidlandi.

Joriy yilda mamlakatlarimiz o`rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 4 barobar oshdi. Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli qo`shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Hududlararo aloqalar yo`lga qo`yilgan, gumanitar almashinuvlar faollashmoqda.

Davlatimiz rahbari Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O`zbekiston Respublikasiga bo`lajak rasmiy tashrifi davlatlararo munosabatlarimiz tarixida yangi sahifa ochishiga ishonch bildirdi.

O`zbekiston Malayziya bilan ko`p qirrali hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor.

Siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo, investisiya, innovasiya, energetika, transport, tibbiyot va boshqa sohalarda qo`shma dastur va loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta`kidlandi.

Bugungi kunda turizm sohasi, ayniqsa, ziyorat turizmi bo`yicha samarali hamkorlikni kengaytirish uchun ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Prezidentimiz Turkmaniston bilan do`stlik va yaxshi qo`shnichilikka asoslangan an`anaviy yaqin munosabatlar ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli strategik sheriklik darajasiga ko`tarilganini alohida ta`kidladi.

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning joriy yil aprel oyida O`zbekistonga amalga oshirgan muvaffaqiyatli davlat tashrifi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda tarixiy voqea bo`ldi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq, savdo, transport va tranzit, energetika, qishloq xo`jaligi kabi sohalarda O`zbekiston – Turkmaniston hamkorligi kengayib bormoqda. Mamlakatlarimiz chegaraoldi hududlari o`rtasidagi ishbilarmonlik aloqalari va gumanitar almashinuvlar yanada faollashdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti yangi tayinlangan elchilarning boy tajribasi, bilimi va samarali diplomatik faoliyati mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlarni har tomonlama mustahkamlash va o`zaro manfaatli sheriklikni kengaytirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

O`z navbatida, yangi tayinlangan elchilar samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz o`rtasidagi keng ko`lamli va o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga bor kuch-g`ayratini safarbar qilishini qayd etdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1