Andijon shahridagi “Sog`lom avlod” mahalla fuqarolar yig`inida Fuqarolik ishlari bo`yicha Andijon viloyati sudining sayyor sud majlisi bo`lib o`tdi, deb yozmoqda O`zA.
Fuqarolik ishlari bo`yicha viloyat sudi sudyasi R.Qoraboev raisligida bo`lib o`tgan sud majlisida “Sog`lom avlod” mahallasida yashovchi qaynona Xosiyatxon hamda kelini Salomatxon (ismlar o`zgartirilgan) o`rtasidagi uy bilan bog`liq mojaro ko`rib chiqildi.
Turmush o`rtog`ining bevaqt vafotidan so`ng 2 nafar yosh bola bilan qolgan Salomatxonni qaynonasi uydan chiqib ketishini talab qilgan. Urush-janjal, o`rtadagi mojaro oylab davom etdi. Qo`ni-qo`shni, mahalla-ko`y aralashuvi ham masalaning hal etilishiga yordam bermadi.
Ushbu masala bo`yicha Salomatxonning sudga qilgan murojaati sayyor sudda ko`rib chiqildi. Qaynona-kelin munosabatlari, xalqimizning odob-axloq mezonlariga zid noxush holat keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilindi. Masala atroflicha o`rganilib, adolatli hukm chiqarildi. Sud hukmiga ko`ra, uy baholangan summaning 60 foiz qismi kelinga, 40 foizi esa qaynonaga tegadigan bo`ldi.
Sayyor sud majlisida huquqshunoslar fuqarolarning huquqiy bilim va savodxonligini yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta`minlash, turli illatlarga barham berish, jinoyat va huquqbuzarliklar kelib chiqishining oldini olish bo`yicha suhbatlar o`tkazdi.






