AsosiyJamiyat

Uzoq umr ko`rishning siri nimada?

'Uzoq umr ko`rishning siri nimada?'ning rasmi

Qoraqalpog`iston Respublikasi To`rtko`l tumanida yashayotgan Rozumova Avaz momo 109 yoshni qarshilamoqda. Tabarruk yoshli onaxonning xonadoni duo olish istagida kelganlar bilan doimo gavjum.

To`rtko`l tumani hokimligi tomonidan momoga maishiy buyumlar va sog`in sigir sovg`a qilindi.

Eskicha vaqt o`lchami bo`yicha 1909 yilda bug`doy pishgan davrda tug`ilgan Avaz momoning bolaligi va yoshligi o`ta qiyin davrlarda o`tgan. Bolaligi Birinchi jahon urushi yillariga to`g`ri kelgan momo Ikkinchi jahon urushi davrida ham qora kunlarni boshdan o`tkazadi. Urushga ketgan turmush o`rtog`idan ko`p o`tmay qora xat keladi va qizi bilan qoladi.

Qizi Rozumova Gulnora 1941 yilda tug`ilgan. Hozirgi kunda hayot.

Avaz momo qizi Gulnora, 3 nevara, 12 evara va 25 chevarasi ardog`ida umrguzaronlik qilmoqda.

U urush yillarida tumandagi “Paxta arna“ kanalini qazishda ishtirok etgan. U paytlar kanallar qo`l bilan qazilgan. Tumandagi “Sho`roxon“ va “Ullibog`“ kolxozlarida ishchi bo`lib ishlagan.

Momo uzoq umr ko`rishning asosiy omili halol mehnat deb biladi va doimo farzandlariga, keyingi avlodga shuni uqtirib kelmoqda.

– Buvimiz yoshligida o`ta og`ir sharoitda yashagan. Buvamiz urushga ketib vafot etgan. Front ortida mehnat qilgan buvimiz juda ko`p qiynalgan, – deydi momoning nevarasi Ilhom Romanov. – Momomiz har doim bugungi hayotiga shukrona keltirib, shunday davrning qadriga etishni ta`kidlaydi. Hozirgi paytda u o`zini yaxshi his qilmoqda.

To`rtko`l tumani uzoq umr ko`ruvchilar yashaydigan hudud sifatida ahamiyatlidir. To`rtko`l tumani xotin-qizlar qo`mitasi raisi Xadicha Ibadullaevaning ta`kidlashicha, tumanda ayni paytda 100 dan oshgan 4 nafar momo istiqomat qiladi. Bundan 3 yil avval 135 yoshida vafot etgan, 3 asrni ko`rgan sayyoraning eng keksa vakili To`ti momo Yusupova ham To`rtko`l tumanidan edi.

O`zA xabariga ko`ra, Avaz momo Rozumovaning uzoq yillik mehnatlari e`tiborga olinib, mustaqilligimizning 27 yilligi arafasida Prezidentimiz farmoniga muvofiq, “Shuhrat“ medali bilan mukofotlandi.

    Boshqa yangiliklar