Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatida o`tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va o`tkazish tartibi haqidagi vaqtinchalik nizom Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi.
Nizomga muvofiq, tekshiruvlar tegishli tartibda amalga oshiriladi. Bir kunlik tekshiruvlar viloyat prokuraturasi bilan, bir kundan ortiq bo`lgan tekshiruvlar Bosh prokuratura bilan kelishiladi.
Tekshiruv o`tkazishni kelishish Tekshiruvlarni elektron ro`yxatga olish yagona tizimi orqali bajariladi.
Shuningdek, chet el investisiyalari ishtirokidagi, xorijiy korxonalar, erkin iqtisodiy zonalarda joylashgan korxonalarda o`tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish faqat Bosh prokuratura tomonidan amalga oshiriladi.
Nazorat qiluvchi organlar jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilishi holatlari haqidagi murojaatlari asosida, tadbirkorlar faoliyatida o`tkazilgan “xavfni tahlil etish” natijalari, shu jumladan ommaviy axborot vositalaridan yoki ijtimoiy tarmoq, veb-saytlardan olingan ma`lumotlar asosida tekshiruv o`tkazishni so`rab murojaat qilishga haqli.
Bundan tashqari, tekshiruv boshlanishidan oldin tadbirkor tekshiruv maqsadi bilan tanishtiriladi va u tekshiruvlarni ro`yxatga olish kitobini to`ldirishi shart.






