Bugungi kunda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini bartaraf etish, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta`minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo`llab-quvvatlashda sektorlar faoliyati muhim o`rin tutmoqda.
Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig`iga biriktirilgan poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 65518 ta xonadonlar o`rganilganda va aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar jarayonida fuqarolar tomonidan ko`tarilgan 1127 ta muammoli masalalarga echim topildi.
Joylarda o`tkazilgan uchrashuvlarda sektor rahbarining amaliy ko`magi bilan yashash sharoiti og`ir bo`lgan 6 ta xonadonning uy-joylari ta`mirlab yakuniga etkazildi 25 ta xonadonda esa ta`mirlash ishlari davom ettirilmoqda.
Mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama barkamol bo`lib ulg`ayishi yo`lida ko`rsatilayotgan cheksiz g`amxo`rliklar, ularni jismonan sog`lom, ma`nan etuk insonlar etib ulg`aytirish muhim masalalardan biri. To`rtinchi sektorda bugunga kelib, 8 ta bolalar maydonchasi qurib foydalanishga topshirildi. Hozirda 12 ta bolalar maydonchasi qurilishi yakunlanish arafasida.
Bundan tashqari, xomiylar tomonidan hududda istiqomat qiluvchi kam ta`minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj 34 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi, 32 nafar fuqaroga protez-ortopediya vositalari, eshitish moslamalari, 363 nafar fuqaroga bepul dori-darmon vositalari, 1192 nafar fuqaro oziq-ovqat mahsulotlari, 80 nafar fuqaroga zaruriy maishiy-texnika jihozlari va 447 nafar fuqaroga moddiy yordam puli ajratilishida amaliy yordam ko`rsatildi.
Ta`kidlash joizki, Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari xalqimizning ezgu an`analariga amal qilingan holda, keksalar, xasta va nogironlar holidan xabar olib, ularga quvonch ulashmoqda. Jumladan, O`zbekiston Respublikasi ko`zi ojizlar jamiyati Toshkent shahar bo`limi a`zolari holidan xabar oldi.
Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan 300 nafarga yaqin ko`zi ojizlar uchun xayriya tadbiri tashkil etilib, ular uchun bayram dasturxoni yozildi, milliy taomlarimizdan osh tortildi. Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig`i Normat Tursunov ishtirokchilarni bayram bilan tabriklab, imkoniyati cheklangan insonlar uchun munosib turmush sharoiti yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biri ekanligini alohida ta`kidladi.
– Ko`ngli yarim insonlar holidan xabar olishdek xayrli va savobli ish bo`lmasa kerak. Tadbir ishtirokchilari inson qadri ulug` bo`lgan yurtda yashayotganini yana bir bor his qilishdi. Buning uchun, avvalo muhtaram Prezidentimizga hamda tashkilotchilarga alohida minnatdorchilik bildiramiz, – deydi, O`zbekiston Respublikasi ko`zi ojizlar jamiyati Toshkent shahar bo`limi raisi Rustam Asqarov.
Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig`i xayriya tadbirida ishtirok eta olmagan ko`zi ojizlar jamiyatining 50 nafar a`zolarining xonadonlariga tashrif buyurdi. Ular holidan xabar olib, bayramona taom va sovg`a salomlar ulashdi.
Xayriya tadbirida san`atkorlarning chiqishlari ishtirokchilarga ko`tarinki kayfiyat ulashib, bayram kechasi haqiqiy shodiyonaga aylandi.
Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi