Azobda o`tgan umr

Mutolaa 11.09.2018, 21:43
Azobda o`tgan umr

Onam Rossiyada tug`ilib o`sgan bo`lsa-da, o`zbek yigiti bilan tanishib qolib turmush qurishgan. Men besh yoshga to`lganimda otam o`z yurtiga oilasini olib qaytishga qaror qiladi. Oilada to`rt farzand – opam va ikkita ukam bilan bolalikning beg`ubor, zamonning og`ir damlarini kemtik ko`ngil bilan birga kechirdik. Sababi, onam otamni deb O`zbekistonga kelganiga qaramay, onam bilan ajrashdi.

Onamning esa bu yurtda bizdan boshqa hech kimi yo`q edi. Onam yolg`iz, biz yarim ko`ngil bo`lib ulg`aydik. Maktabni tamomlagach Qarshi shahridagi pedogogika texnikumning tarbiyachilik yo`nalishiga o`qishga kirdim. Ammo otam bizni tashlab qo`yganligi bois iqtisodiy jihatdan qiynalib o`qishni tamomlay olmadim. Onam ro`zg`orning yukini bir o`zi tortishga qiynalib, biz qizlarni 17 yoshdan turmushga berishga majbur bo`ldi. Olam-olam orzular bilan kelgan ostonamdan, afsuski, ro`shnolik ko`rmadim.

Turmush o`rtog`im badjahl, zolim inson bo`lib chiqdi. Biror og`iz shirin so`z aytmas, kichik bir xatolik o`tsa-o`tmasa bahona topib gavronini ko`tarib turardi. Bir safar homilador holimga qaramasdan “yur, uyingga olib boraman”, deb aldab, cho`l-adirlikka olib borib o`ldirmoqchi ham bo`ldi. Jonim tosh ekan, barzangidek qo`lida bo`g`ilsamda omon qoldim. Hech bir banda mendek xorlik ko`rmasin. Erimdan qancha zada bo`lmay, o`zim otasiz o`sganligim bois farzandlarimni ota mehridan ayrgim kelmay, barcha qiynoqlarga chidab yashadim. Ming afsus o`sha kunlarimga...

Aziz opa-singillar, turmushga chiqar bo`lsangiz yoki qiz chiqarar bo`lsangiz surishtirib, fe`l-atvorini bilib keyin bir qarorga keling. Chunki shoshma-shosharlik bilan chiqarilgan qaror butun umringizni azoblar iskanjasida o`tkazishga sabab bo`larkan.

To`rt farzandni dunyoga keltirib ham ayollik baxtini his etmadim. Turmushga chiqqanimda qo`limda tayinli kasb-hunarim bo`lmagani uchun farrosh bo`lib ishladim. Bolalarimni halol edirib-ichirdim. Birovdan kam qilmaslikka harakat qildim.

O`zim turmushning mushtlarida ezilganim etmagandek katta farzandim ikki nafar farzandi bilan birinchi turmishidan yalchimadi. Yana bir farzandim Toshkentdagi oliy o`quv yurtlaridan biriga kirib, ne-ne orzu-umidlar bilan o`qidi.

O`qishni tamaomlab, ishlab ro`zg`orimizga ro`shnolik olib kirishni istardi. Ammo tamomlashiga bir yil qolganda sog`ligini yo`qotib qaytib keldi. Uning dardini o`ylab ming o`lib-tirildim. Dardini bergan Egam shifosini ham berar ekan, bolam tuzalib ketdi. Oradan yillar o`tar, ammo oilamdagi janjallar, erimning zug`umlari barham topmasdi.

Farzandlarimning orasida o`zgacha mehr qo`ygan bolam – Mahkamim bugun oramizda yo`q. Texnikumni tugatganidan so`ng yigitlik burchini o`tab qaytgan o`g`lim 25 yoshida mudhish ishga qo`l urdi. Mahkam ham oilamizdagi har kungi janjallardan bezib ketgandi.

Kunlarning birida otasi bilan aytishib qoldi. Dahanaki jang mushtlashuvga aylandi. Oxir-oqibat... o`g`il o`z otasining o`limiga sababchi bo`ldi. Jahl chiqqanda aql ketar deganlaridek, qilayotgan ishing oqibatini o`ylamay o`zini idora qilolmagan o`g`lim padarkushga aylandi.

Avval tergov, keyin sud... O`g`limni uzoq yilga ozodlikdan mahrum qilishdi. Ming qilsa-da, farzand ekan. Panjarali mashina olib ketishayotganda, dod solib, erga yiqilib qoldim. Qanday uyga olib ketishganini bilmayman.

Garchi o`z otasiga tig` ko`targan bo`lsa ham, jinoyatchi, qotil bo`lsa ham, bir kuni qaytib kelar, mushtipar onasini o`zi tepkilab-tepkilab tuproqqa topshirar, degan ilinjda kun sanab yurardim. Ammo, o`g`limni ozodlikda ko`rish nasib qilmagan ekan. Jazoni o`tash muddatiga to`qqiz yil to`lganda qamoqda jon berdi, bolam. Qamoqxona azoblariga chidolmadimi yo vijdon azobigami, bilmadim. Hayotga kelib mehr o`rniga qahrni his etib ulg`aygan bolam gul umrini go`shangada emas, zax turmada o`tkazdi. Baridan o`lib qutildi.

Onani yaratmasin ekan. Ayol bo`lib chekkan uqubatlarim bu kuyukning, farzand dog`ining oldida hech ne bo`lmay qoldi. Balki mendan xato o`tgandir, qat`iyat etishmagandir. Vaqtida shu inson bilan turmush yo`llarimizni ayro qilganimda shu ishlar bo`lmasmidi?! Umrim g`urbatda o`tmasmidi?! Bolam padarkush bo`lmasmidi?! Azizlar hech kimning taqdiri mening taqdirimga o`xshamasin. Hech bir ayol men kabi baxti qaro bo`lmasin.

Galina Xabirova, Qashqadaryo viloyati Yakkabog` tumani

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1