O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Belarus Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri Valeriy Malashko boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Do`stona ruhda o`tgan muloqotda tibbiyot sohacida ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish borasida ko`plab imkoniyatlar mavjudligiga alohida e`tibor qaratildi.
Jumladan, tibbiyot sohasini modernizasiya qilish, bu borada investisiya loyihalarini qo`llab-quvvatlash, tibbiy ta`lim va kadrlar tayyorlash hamda boshqaruv sohasida axborot tizimini rivojlantirish bo`yicha tajriba almashish kabi yo`nalishlarda faol hamkorlik yo`lga qo`yiladi. Shunga ko`ra, tibbiyot ta`lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari o`rtasida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo`yicha ta`lim sohasidagi hamkorlikni qo`llab-quvvatlashga alohida e`tibor qaratiladi.

Bundan tashqari, farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish, sanitariya-epidemiologiya, klinik va profilaktik tibbiyot hamda tibbiy radiologiya yo`nalishida ham fundamental va ilmiy-amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish kabi sohalarda tajriba almashish ko`zda tutilmoqda.

Shuningdek, delegasiya a`zolari tashrif doirasida yurtimizning qator tibbiyot muassasalari faoliyati bilan ham yaqindan tanishmoqdalar.
Xabar qilinganidek, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning yurtimizga rasmiy tashrifi doirasida ikki mamlakat hukumat va vazirliklari o`rtasida qator ikki tomonlama muhim hujjatlar imzolandi.
Ushbu hujjatlar qatori “O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi va Belarus Respublikasi Davlat sud ekspertizasi qo`mitasi o`rtasida idoralararo sud-tibbiy faoliyat sohasida hamkorlik to`g`risida bitim” hamda “O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi va Belarus Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi o`rtasida idoralararo sog`liqni saqlash va tibbiyot fani sohasida hamkorlik to`g`risida bitim” ham imzolandi.






