Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida “Amirsoy” dam olish maskanining ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Unda mamlakatimiz va xorijdan turizm va qish sporti mutaxassislari, idora va tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vostitalari xodimlari ishtirok etishdi.
Unda so`zga chiqqanlar mamlakatimizda xorijiy sayyohlarni kengroq jalb etish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha fikr bildirildi. Toshkent viloyatining Bo`stonldiq tumanida tashkil etilayotgan “Amirsoy” dam olish maskanining imkoniyatlari, u erda sayyohlar uchun yaratilayotgan shart sharoitlar haqida so`z yuritildi. G`arbiy Tyanshan tog` tizmalari etagida, 900 gektar hududni egallaydigan ushbu maskan bosh investor – Andorraning PGI Management (Pas Grau Internacional Management) kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etilmoqda.
Mazkur dam olish maskanining birinchi bosqichi joriy yilning 15 dekabr kuni ishga tushirilishi ko`zda tutilgan.

Marosimda O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari Aziz Abduhakimov ham ishtirok etdi.
— Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan Toshkent viloyatida “Chorvoq” Birinchi erkin turistik zonasini qurish ishlari ham muaffaqiyatli davom etayotir, – dedi A.Abduhakimov. — Bu erda “Amirsoy” dam olish maskanining qurilishi tog`-chang`i sporti, hordiq chiqarishning yangi darajaga ko`tarishda muhim omil bo`ladi. Shu bois hukumatimiz ham bugungi kun uchun dolzarb bo`lib turgan bu ekologik loyihani qo`llab quvvatlmoqda.. Ayni paytda ushbu qishki kurortga olib boradigan yo`llarni qurish, elektr ta`minotini yo`lga qo`yish borasida muayyan ishlar bajarilmoqda. “Amirsoy” tez orada O`zbekiston fuqarolari va uning mehmonlari uchun sevimli maskanga aylanishiga ishonaman.

Tadbirda mazkur dam olish maskanida yo`lga qo`yiladigan xizmat turlari, afzalliklari, imkoniyatlari haqidagi videorolik namoyish etildi.






