1

O`zbekiston – Yoshlar mamlakati

Jamiyat 14.09.2018, 18:42
O`zbekiston – Yoshlar mamlakati

Donolarning shunday hikmati bor, agar mamlakat 1 yil rivojlanaman desa — bug`doy eksin, agar mamlakat 10 yil rivojlanaman desa — daraxt eksin, agar mamlakat 100 yil ravnaq topaman desa — o`z yoshlarini o`stirsin.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev davlat rahbari sifatidagi dastlabki faoliyatini aynan yoshlar masalasiga kengroq e`tibor qaratishi, ularga barcha imkoniyatlarni yaratish uchun muhim chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan boshladi. So`zimiz isboti sifatida esa 2016 yil 14 sentyabr kuni “Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida”gi Qonun qayta ishlab chiqilib, takomillashtirilgan holda qabul qilinganligini e`tirof etishimiz mumkin.

Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan. Xususan, o`tgan bir yil davomida yoshlar masalasiga doir jami 40ta qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. O`zbekiston yoshlarning huquq va erkinliklarini ta`minlashga qaratilgan 30dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatni ratifikasiya qilgan.

Davlatmiz tarixida ilk bora 30 iyun – “Yoshlar kuni” sifatida nishonlana boshlandi. Shu ma`noda, Yurtboshimiz tashabbusi bilan 30 iyun – “Yoshlar kuni” etib belgilangani yoshlar uchun o`ziga xos quvonchli bayram bo`lish bilan birga, ularni yangi, yuksak marralarga chorlovchi, jonajon vatanimizga sadoqatini yanada kuchaytiruvchi beqiyos rag`bat hamdir.

“O`zbekiston Respublikasi yoshlari kunini belgilash to`g`risida”gi qonun O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n birinchi yalpi majlisida ma`qullangani mamlakatimizda yoshlar siyosati oqilona olib borilayotganining huquqiy ifodasi bo`ldi.

Aytish joizki, mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati doirasida, so`nggi ikki yil mobaynida misli ko`rilmagan ijobiy ishlar amalga oshirildi va bu ishlar hozirda ham izchil davom ettirilmoqda.

Shu o`rinda aynan yoshlar hayotiga daxldor ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladigan, orzu va istaklarini ro`yobga chiqarishda ko`maklashadigan, intilishlari va maqsadalariga erishish yo`lida imkoniyatlar maydoni yarata olgan ayrim islohotlarni sanab o`tsak. Jumladan:

Yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini tubdan isloh etish maqsadida 2017 yil 30 iyun kuni “O`zbekiston yoshlar ittifoqi” tashkil etildi.

Vatan kelajagini bunyod etishga bel bog`lagan, yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlarga nisbatan daxdldorlik hissini tuygan, jamiyatimizning turli sohalarida o`z mehnati bilan samarali xizmat qilib kelayotgan, fidoiy yoshlarimizni rag`batlantirish maqsadida "Kelajak bunyodkori" medali ta`sis etildi. Bu yil mustaqilligimizning 27 yilligi munosabati bilan mazkur medalning ilk sohiblari – 14 nafar yoshlarimiz ushbu mukofotga sazovor bo`ldilar.

Yigitlarimiz qalbida vatanparvarlik tuyg`ularini yanada yuksaltirish, ularda mardlik, jasorat, sadoqat kabi fazilatlarni shakllantirish, o`z xalqining mard o`g`loni bo`lgan yigitlarni munosib taqdirlash maqsadida “Mard o`g`lon” Davlat mukofati ta`sis etildi va joriy yilda “Yoshlar kuni” bayrami arafasida 28 nafar yigitlarga ushbu mukofot tantanali ravishda topshirildi.

Yoshlar o`rtasida mutolaa madaniyati, kitobxonlikni keng targ`ib etish, yuksak intellektual salohiyatli, kitobga oshno, bilimli avlodni voyaga etkazish maqsadida, Prezidentimiz tashabbusi bilan "Yosh kitobxon" ko`rik-tanlovi tashkil etildi va respublikamiz bo`ylab, eng ommalashgan tanlovga aylandi. 2 yosh toifasida ikki nafar g`olib kitobxonga Prezident sovg`asi – "Spark" avtomashinasi sovg`a qilindi. Bu yil mazkur ko`rik-tanlovning qamrovi yanada kengayib, 3 nafar zukko kitobxon oliy sovrin egasiga aylanishadi.

Mamlakatimizda yoshlarga qaratilgan davlat siyosati tarixida ilk bora, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi qoshida Yoshlar muammolarini o`rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tashkil etildi.

Hech bir davrda kuzatilmagan, O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni himoya qilish organlarida O`zbekiston yoshlar ittifoqi boshlang`ich tashkilotlari faoliyati yo`lga qo`yilib, harbiylar va tizimdagi ishchi-xizmatchilarning O`zbekiston yoshlar ittifoqiga a`zo bo`lish mexanizmining huquqiy asosi yaratildi.

Shu vatanning ertangi kuni hisoblanmish yoshlar siyosati doirasida xalqaro aloqalar yo`nalishidagi ishlar ham tizimli yo`lga qo`yildi. O`zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi tashkil etilib, xorijda ishlab yurgan yoki tahsil olayotgan yoshlarimizni ijtimoiy himoyalashga ham alohida e`tibor qaratildi. Shu kunga qadar, o`zbekistonlik yoshlardan iborat delegasiyalarning Xitoy, Germaniya, Rossiya, Hindiston, Turkiya kabi 10 dan ortiq davlatlarga tajriba almashish hamda xorijiy davlatlarda yoshlarga doir dasturlarni amalda o`rganish maqsadida safarlar uyushtirildi. Bir necha bora yoshlar o`rtasida xalqaro forumlar, festival va konferensiyalar tashkil etildi.

Yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g`oyalari va loyihalarini ro`yobga chiqarishga ko`maklashish va qo`llab-quvvatlash, band bo`lmagan yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo`lgan mutaxassisliklar va biznes yuritish ko`nikmalariga o`qitish, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish maqsadida«Yoshlar — kelajagimiz» jamg`armasi tashkil etildi. Jamg`armaning hududiy filiallari ham shakllantirilib, hozirda tizimli ishlar olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan umumiy o`rta ta`lim sohasida 11 yillik ta`lim tizimi joriy etildi.

Biz yashab turgan davr – axborot asri ekanligi va O`zbekistonning xalqaro miqyosda o`zining munosib o`rni borligi inobatga olinib, yurtimizda malakali jurnalistlarni etishtirib chiqarish, jahon tajribasini o`rgangan holda xalqaro maydonda o`z so`zini ayta oladigan muxbir kadrlarni tayyoralash maqsadida, “Jurnalistika va ommaviy kommunikasiya vositalari universiteti” tashkil etildi.

Toshkent shahrida AQShning "Vebster" universitetiningfiliali ochildi.

Yoshlarning bilim olishga bo`lgan intilishlari inobatga olinib, oliy o`quv yurtlariga o`qishga kirish tizimi qayta ko`rib chiqildi va takomillashtirildi. O`qishga qabul qilish kvotlari yanada kengaytirildi.

Harbiy akademik liseylariga "Temurbeklar maktabi" nomi berildi va mazkur maktablarning faoliyati yangi bosqichga ko`tarildi.

Albatta bunday misollarni va raqamlarni yana ko`plab keltirish mumkin. Lekin eng muhimi, bizda ota-boblarimizdan qolgan meros —farzand tarbiyasiga katta e`tibor qaratish, kasb-korli, hunarli qilish, qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, qalbida vatanparvarlik tuyg`ularini yuksaltirish kabi eng muhim masalalar aynan davlat siyosati darajasida ko`tarilgani bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir ishda namoyon bo`lib kelmoqda.

Bu ishlar esa yuqorida keltirib o`tilgan hikmat ya`ni, mustaqil O`zbekistonimizning yuz yil va undanda ko`proq ravnaq topishi uchun mustahkam poydevor bo`lib xizmat qilishiga shubha yo`q.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1