Jamiyatda har bir kishi o`z xizmat vazifasiga faqat majburiyat nuqtai nazaridangina yondashar ekan, qadamlar siljimaydi. Agar mas`uliyat bilan yondashilsa, ishidan iddao qilmasa, o`z manfaatidan ko`pnikini ustun qo`ya bilsa – bunday tizim shakllangan joyda ish ham olg`a siljiydi.
Men shu kunlarda Adliya vazirligida olib borilayotgan ishlar – “olg`a siljish”larning kichik bir namunasini kuzatib turibman. Avvalo, binoning yangicha ko`rinishi e`tiborimni tortadi. Unda milliylik va zamonaviylik bir nuqtada uyg`unlashganini ko`raman. Biroq so`zim bu haqda emas.
Bir gal vazirlikning men tanigan mas`ul xodimi bilan suhbatimiz uzoq cho`zildi. U menga “Mutlaqo yangicha standartlar asosida ishlayapmiz” deb vazirlikda amalga oshayotgan yangiliklardan so`z ochdi. So`ngra “...har kim egallab turgan lavozimiga loyiqligini isbotlashi shart”ligi haqida fikrlashdik. Garchi uni ko`pdan buyon tanisam-da, negadir shu safar so`zlariga biroz ishonqiramadim. Chunki u aytayotgan ishlarning ko`lami shu qadar keng ediki, bir kun, bir hafta yoki bir oyda uddasidan chiqiladigan jarayon emas. Endi o`ylasam, tizim u aytganidek yangicha qiyofa kasb etib ulgurgan.
Fikrimni vazirlik Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining “Ochiqlik indeksi” reytingi bo`yicha 1-o`ringa loyiq deb topilgani misolida ham izohlashim mumkin. Reyting natijalariga ko`ra, mamlakatdagi 45 ta davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari orasida 88,12 ball bilan muvaffaqiyat qozonishi zamirida sohada amalga oshirilayotgan ishlar samarasini sezish qiyin emas. Undan keyingi o`rinni katta farq bilan axborot texnologiyalari sohasida mas`ul vazirlik egallab turibdi.
Jurnalist sifatida, umuman, kasbim nuqtai nazaridan ijtimoiy tarmoqlarga ko`p murojaat qilaman. Ayniqsa, huquq sohasida kechayotgan jarayonlar bilan muntazam tanishib borishga ehtiyoj sezaman. Bu borada vazirlikning “Telegram” messenjerida “Huquqiy axborot” kanali orqali yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati bilan tezkor, sodda va xalqchil tanishib borish imkoniyati mavjud. Kanal a`zolari kun sayin emas, soat sayin oshib borayotgani ham fikrim isboti. “Qonunchilikdagi yangiliklar”, “So`ragan edingiz”, “Bilasizmi?” kabi maxsus ruknlar ostida aholi uchun muhim masalalarga murojaat etilishi, ularga to`liq va batafsil javob berilishi, izohlar qoldirilishi asnosida ham tezkorlik, ochiqlik tamoyiliga amal qilinishini ko`ramiz.
E`tiborlisi, ijtimoiy tarmoqlarda “Adliya bilan muloqot” guruhi orqali ham soha faoliyatidan kengroq boxabar bo`lish, shuningdek, yo`l qo`yilayotgan xato va kamchiliklar to`g`risida darhol xabar berish imkoni mavjud.
Yoki bo`lmasa, muntazam tashkil etib kelinayotgan “Adliya axboroti” brifingini olaylik. Men uni hafta davomida qabul qilinayotgan qonun hujjatlari bilan tanishib borishning eng samarali yo`li, deb tushunaman. Tan olishimiz kerak, ko`pchiligimiz qanday qonun qabul qilinayotgani, u bizga qanday imtiyozlar berishi kabi jihatlarda biroz loqaydroqmiz. “Adliya axboroti”da necha bor ishtirok etgan bo`lsam, o`zim uchun kerakli savollarga javob olganman.
Yana bir muhim jihat, vazirlikda murojaatlarni markazlashgan holda qabul qilish maqsadida “CALL CENTER” tashkil qilinganidir. Ushbu ishonch telefoni o`zbek va rus tillarida xizmat ko`rsatayotgani, qolaversa, unga Respublikaning istalgan hududidan 1008 qisqa raqamini terib bog`lanish mumkinligi ham axborot olishning ochiq va shaffof ekanini ta`minlaydi.

Umuman, bu kabi sa`y-harakatlar asosida, jumladan, “Ochiqlik indeksi” natijalarida ham adliya vazirining “fuqarolar adliya idoralari faoliyatidan rozi bo`lishi kerak”, “xodimlarimiz qo`lini ko`ksiga qo`yib xizmat qilishi shart” degan tamoyilga og`ishmay amal qilinayotgani anglashiladi. Vazirlikning aholi huquqiy ongini yanada rivojlantirish, huquqiy madaniyatni o`stirish yo`lida amalga oshirayotgan loyihalari, ilg`or g`oya va tashabbuslari bardavom bo`lishida tilakdoshmiz.
Farhod Umarov, jurnalist






