Mo`ynoq tumanida «Centil Law Film», «TrendSetter», «Peopletravel» tashkilotlari tashabbusi hamda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, BMTning Taraqqiyot Dasturi ko`magi bilan «Stixiya» elektron musiqiy festivali o`tkazildi. Mazkur festivalga Markaziy Osiyo davlatlaridan, shuningdek, AQSh, Isroil, Turkiya, Fransiya, Germaniya, Rossiya va Xitoy davlatlaridan ko`plab sayyohlar, musiqa ixlosmandlari ishtirok etdi. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Festival Mo`ynoqda – «Kemalar qabristoni» oldida tashkil qilindi. Turli ranglardagi yog`dular, musiqiy ovozlar dengiz tomon yo`naltirildi.
– Festivalga kutilganidan ham ko`proq sayyohlar tashrif buyurdi. Yaqin davlatlardan velosipedda, motosiklda kelganlari ham bor, – deydi «Centil Law Film» tashkiloti xodimi Otabek Sulaymanov. – Festivalni o`tkazishdan maqsad – jahon hamjamiyatining Orol dengizi muammosiga e`tiborini qaratish. Shuningdek, festivalda yuqori sifatli elektron musiqani targ`ib qilishga e`tibor qaratilgan.
O`zbekistonda birinchi marotaba o`tkazilayotgan mazkur festivalda ishtirok etish bepul bo`lib, keyingi o`tkaziladigan festivallarda Orolbo`yi mintaqasini rivojlantirish uchun ehson to`plashga qaratiladi.
– Bunaqa musiqiy festivali Markaziy Osiyo davlatlari ichida ilk bor O`zbekistonda, aynan Mo`ynoqda o`tkazilmoqda, – deydi «Peopletravel» sayyohlik agentligi xodimi Sanjar Xolmurodov. – Mazkur tadbir har yili o`tkazilishi rejalashtirilgan. Agar shunday bo`lsa hududda turizmning rivojiga katta hissa qo`shishi shubhasiz. Orolni qaytara olmaganimiz o`ta o`kinchli. Biz yaxshi niyatlarni ko`ngilga tuygan holda dengizni suv bilan to`ldirish qo`limizdan kelmasa ham ummon tovushlari bilan to`ldirishni niyat qilganmiz.
Tadbirni yoritish uchun xorijiy nufuzli media tashkilotlar vakillari ham tashrif buyurdi.
Fransiyaning «Cinedoc films» kinokompaniyasi prodyuseri Kristian Liliyan ham festivalning hurmatli mehmoni. U Orolning to`lishidan umidvor ekanligini bildirdi.
Ayni paytda Kristian Liliyan Amudaryo sohilida yashovchi xalqlar haqida filmni tasvirga olmoqda. U Pomir tog`idan to Amudaryoning tugagan joyigacha daryo sohilidagi xalqlar turmushi bilan tanishib kelmoqda. Ular orasida daryodan oltin qidiruvchilar, sholi, paxta va boshqa o`simliklar ekuvchilar ham bor. Shuningdek, film syujetiga Orol dengizida artemiya ovlovchilar turmushi ham kiritilgan.
Festival doirasida mehmonlar va mahalliy aholi «Kemalar qabristoni» maydonida piyoda sayil qilib, Mo`ynoqda yangidan tashkil qilingan muzeyga hamda Nukus shahridagi I.Saviskiy nomidagi davlat muzeyiga tashrif buyurdi.
Yuqori tashkilotchilik va ko`tarinki kayfiyatda o`tkazilgan tadbir ishtirokchilarda olam-olam taassurot qoldirdi.






