Toshkent harbiy okrugiga qarshli Angren dala o`quv maydonida tanklarni tog`li hududlarda boshqarish, shuningdek, tank qurollaridan otish mashqlarini bajarishda tarjibani oshirishga xizmat qiladigan navbatdagi amaliy mashg`ulotlar o`tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
O`quv nuqtasi rahbari podpolkovnik Abdurashid Ergashevning ta`kidlashicha, o`quv mashg`ulotlari birinchi navbatda harbiy xizmatchilarning taktik va jangovar tayyorgarligini oshirishga xizmat qiladi.
Ushbu dala o`quv maydonida kuzatuv punkti joylashgan bo`lib, bu erdan mashg`ulot jarayoni qay yo`sinda ketayotganini bemalol kuzatish mumkin. Maxsus qazilgan okoplar ichiga maskirovka qilingan bir juft T-62 tanklari yordamida haqiqiy jangovar snaryadlar orqali nishonlar yakson qilindi.
Mazkur mashg`ulot tayyorgarligi dasturiga o`zgartirish kiritilgan bo`lib, unga ko`ra aksariyat mashqlar yuqori nuqtalarda joylashgan nishonlarni yakson qilish bilan amalga oshirildi. Bu esa o`z navbatida harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarlik darajasini oshirishga xizmat qilyapti.

«Beshta nishonni yakson qilish vazifasi qo`yilgan edi. Dastlabki ikkitasi – tog`li hududda joylashgan shartli dushmanning harbiy texnikasini yo`q qilish bo`lsa, qolganlari erdagi nishonlar — harakatlanib kelayotgan ehtimoliy dushman piyodalar guruhini pulemyotlar yordamida o`qqa tutish. Barcha mashqlar a`lo dajarada bajarildi», — deydi tank komandiri kichik serjant Abdulaziz G`aniev.






