Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi qalbaki hujjatlar asosida biometrik pasportni qo`lga kiritgan shaxsni aniqladi. U 1976 yil 20 may kuni tug`ilgan bo`lsa-da, soxta ma`lumot va hujjatlar asosida tug`ilgan yilini to`qqiz yilga yoshartirib olishga erishgan.
Gap shundaki, ichki ishlar idorasida yollanma xodim bo`lib ishlaydigan fuqaro Malohat Jo`raeva (ism-familiyasi o`zgartirildi) fuqarolik ishlari bo`yicha Denov tumanlararo sudiga shikoyat ariza bilan murojaat etib, o`zining 20.05.1976 yilda emas balki, 20.05.1985 yilda tug`ilganligini, tug`ilgan vaqtida otasi vafot etganligi sababli onasi o`z vaqtida tug`ilganlik haqidagi guvohnoma olmaganini, 1999 yilda bobosi Sariosiyo tumani fuqarolik holati dalolatnomasini yozish bo`limiga borib, e`tiborsizlik bilan unga 1976 yilda tug`ilganlik haqida guvohnoma olganini ma`lum qilgan.
Tug`ilganlik guvohnomasi va fuqarolik pasportida 1976 yilda tug`ilgan, deb ko`rsatilgan bo`lsa-da, o`zi aslida 1985 yilda tug`ilganligini, yashagan manzilining qishloq vrachlik punkti va mahalla fuqarolar yig`inining aholini ro`yxatga olish rasmiy kitobida 1985 yilda tug`ilganlar ro`yxatida turishini, maktabda ham 1985 yilda tug`ilgan tengqurlari bilan o`qiganligini, bu holatni Sariosiyo tumanidagi 1-umumiy o`rta ta`lim maktabni 16.06.2002 yilda bitirganlik haqidagi shahodatnomasi tasdiqlashini bildirgan.
Fuqarolik ishlari bo`yicha Denov tumanlararo sudi fuqaro M.Jo`raevaning vajlarini qanoatlantirib, uning tug`ilgan yilini 1976 yildan 1985 yilga o`zgartirish majburiyatini Sariosiyo tumani fuqarolik holati dalolatnomasini yozish bo`limi boshlig`i zimmasiga yuklagan. Sudning hal qiluv qaroriga asosan, tuman fuqarolik holati dalolatnomasini yozish bo`limi tomonidan M. Jo`raevaga tug`ilganlik haqidagi guvohnoma dublikati berilgan bo`lib, unda 1985 yil 20 may kunida tug`ilganligi ko`rsatilgan bo`lsa-da, guvohnoma FHDYoBda mavjud dalolatnomalarni qayd etish kitobiga 1976 yil 11 iyun kuni 222- raqam bilan qayd etilganligi haqida yozib qo`yilgan.
Biroq, surishtiruv ishlari natijasida fuqaro M. Jo`raevaning Sariosiyo tumanidagi 1-umumiy o`rta ta`lim maktabining 11-sinfini 1992/1993-o`quv yilida tamomlagani aniqlangan. Shu sababli unga 1993 yilda AU №191376 seriya raqamli shahodatnoma berilgan. Ushbu hujjat M. Jo`raevaning 1976 yilda tug`ilganligini tasdiqlaydi. Shuningdek, unga tegishli mehnat daftarchasining 2-3 betlarida u ilk mehnat faoliyatini boshlagan yillar qayd etilgan. Agar M. Jo`raeva rostdan ham 1985 yilda tug`ilgan bo`lsa, u 12 yoshidan ishga qabul qilingan ekan-da, degan xulosa kelib chiqadi.
O`zA xabariga ko`ra, ayni paytda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






